Toir Alimatov Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan qurilish bundyodkorlik ishlari bilan tanishishni Yakkabogʻ tumanida ham davom ettirdi
Vazir oʻrinbosarining keyingi manzili Yakkabogʻ tumani.
Toir Alimatov Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan qurilish bundyodkorlik ishlari bilan tanishishni Yakkabogʻ tumanida ham davom ettirdi. Aytish kerakki, bugungi kunda viloyatning uchta hududida “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurishga kirishilgan. Xususan, 2024-yilda jami 67 ta koʻp qavatli uyni foydalanishga topshirish maqsad qilingan.
Yakkabogʻ tumanining “Aygʻirkoʻl” MFYda barpo etilayotgan massivni ham kamchiliklardan holi deb boʻlmaydi. Jumladan, kuzatuvlar davomida obyektda qurilish texnikasiga amal qilinmayotgani, beton va tayanch ustun ishlari belgilangan normalarga toʻgʻri kelmasligi maʼlum boʻldi.
Shuningdek, uylarning fasad qismini bazalt bilan qoplashda ham qator xatoliklar koʻzga tashlanadi. Jumladan, suvoq ishlarisiz bazalt bilan qoplash amalga oshirilgan. Obyekt qurilish chiqindilaridan tozalanmagan. Texnika xavfsizligi va ishchilarning qurilish madaniyati kabi talablarga bepisandlik bilan qarab kelinmoqda. Poydevor gidroizolyatsiyasida ham belgilangan talablarga rioya qilinmagan. Vazir oʻrinbosari masʼullarga yuzlanar ekan, qurilishda avvalo, sifat birlamchi omil ekanligiga alohida toʻxtaldi.
“Ushbu uylar uzoq vaqt xalqimizga xizmat qilishi kerak va bu uchun har birimizning zimmamizda ulkan masʼuliyat bor”, – dedi Toir Alimatov.





