Toshkent arxitektura-qurilish universitetida “Rahbar va talabalar uchrashuvi” boʻlib oʻtdi
Toshkent arxitektura-qurilish universitetida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari S.Eshquvvatov boshchiligida “Rahbar va talabalar uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.
Tadbir doirasida inspeksiya rahbari bevosita talaba-yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot oʻtkazib, ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berdi. Xususan, uchrashuvda universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, tajribali mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Muloqot jarayonida qurilish sohasidagi amaliy ishlar, davlat nazorati mexanizmlari, kadrlar salohiyatini oshirish, yosh mutaxassislarni tayyorlash va ularni sohaga samarali jalb etish masalalari keng muhokama qilindi.
Shuningdek, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” doirasida olib borilayotgan tizimli ishlar, talabalarning bilim va koʻnikmalarini amaliyot bilan bogʻlash masalalari alohida taʼkidlandi, inspeksiya faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari, huquqiy asoslari, sohadagi mavjud islohotlar hamda raqamli nazorat usullari haqida batafsil maʼlumotlar ham taqdim etildi.
Tadbir ochiq va erkin ruhda bo'lib oʻtdi. Talabalar sohaga boʻlgan qiziqishlarini yanada mustahkamlab, oʻz kasbiy yoʻnalishlari boʻyicha muhim tushunchalarga ega boʻldilar.