Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi (MUNOSABAT)

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi:
Uchtepa tumani “Shirin” MFY hududidagi 1A-uy manzilida qurilayotgan mazkur obyektga hududiy Arxitektura-shaharsozlik kengashi yig‘ilishinining 2023-yil 15-sentabrdagi tegishli bayoniga asosan yer ostida avtoturargoh, pastki qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashgan ko‘p xonadonli turar-joy binolariga ixtisoslashtirib, qayta qurish va rekonstruksiya qilishni loyihalashtirish uchun tegishli ruxsatnoma berilgan. Shu asosda Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi Bosh boshqarmasi tomonidan 2023-yilning 7-dekabrida Arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i (ART) tuzilgan.
Ruxsatnoma va ART asosida “DOME-TASH” MChJ tomonidan qurilishi rejalashtirilgan obyektning loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan hamda Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi bosh boshqarmasi Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organi tomonidan tegishli xulosa bilan kelishilgan.
Hozirgi kun holatiga ko'ra mazkur obyekt Vazirlar Mahkamasining 200-sonli qarorida keltirilgan reglament talablariga ko'ra Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkazilmagan.
Hozirda ushbu qurilish obyektining atrofi temir to‘siqlar bilan o‘ralgan bo‘lib, obyektda qurilish-montaj ishlari hali boshlanmaganligini ma'lum qilamiz.

