Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi (MUNOSABAT)
Toshkentda ko'p qavatli uyning yuk ko'taruvchi konstruksiyalari olib tashlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat bo'yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi quyidagilarni ma'lum qiladi.
Mirzo Ulug'bek tumani M. Yusuf ko‘chasidagi 19/4-sonli ko‘p kvartirali uyning birinchi qavatida joylashgan, umumiy maydoni 58,34 kv.m bo‘lgan noturar joyda qayta rejalashtirish ishlari olib borilayotgani aniqlangan. Xususan, yer to‘lagiga kirish joyi qazilib, eshik o‘rni ochilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, ushbu noturar joyni ixtisosini o‘zgartirish va rekonstruksiya qilish uchun Mirzo Ulug‘bek tumani qurilish bo‘limi tomonidan 2025-yil 26-fevralda 171801017-sonli ruxsatnoma berilgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, 2025-yil 17-martda tuman qurilish bo‘limi tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 180177072-sonli xulosasi berilgan. Mazkur hujjatlar asosida rekonstruksiya ishlari olib borilayotganligi aniqlandi.
Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ushbu noturar joyda amalga oshirilayotgan qayta rejalashtirish ishlari tegishli ruxsatnomalar asosida olib borilayotganligi bo‘yicha o‘rganish va nazorat ishlari davom ettirilmoqda.