Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi (MUNOSABAT)

Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi youtube platformasi orqali e'lon qilingan videomurojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Oltintepa ko‘chasi 159-uy manzilidagi “ALBERO EXCLUSIVE” MChJga tegishli ko‘p qavatli turar-joy obyekti uchun Toshkent shahar hokimining 2016-yil 4-maydagi qaroriga asosan yer ajratilgan.
Shundan so‘ng tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, “ALBERO EXCLUSIVE” MChJ tomonidan 2017-yil 10-martda nazorat inspeksiyasidan ruxsatnoma olgan.
Inspeksiya tomonidan obyektda qurilish-montaj ishlarini olib borish jarayonida tizimli nazorat olib borilgan bo‘lib, monitoring davrida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 2017 va 2018-yillar mobaynida tegishli yozma ko‘rsatmalar berilgan.
Berilgan yozma ko‘rsatmalarga muvofiq “ALBERO EXCLUSIVE” MChJ tomonidan “ToshqurilishmateriallariLITI” MChJning poydevor osti zamini va ochiq handaqni ko‘rish dalolatnomasi, “O‘zGАShKLITI” Toshkent shahri va viloyati filialining qurilish geodezik boshqarish to‘g‘risidagi dalolatnomasi, nazorat inspeksiyasi mustaqil markaziy qurilish laboratoriyasining qurilish sharoitida g‘isht terish ishlarining yopishqoqlik sinovbayonnomalarini hamda beton namunalarini sinovdan o‘tkazish bayonnomalarini tegishli ravishda rasmiylashtirgan.
Obyektning 1-bosqich qurilish-montaj ishlari 2019-yilda yakunlangan va bino o‘rnatilgan tartibda foydalanishga qabul qilingan.
Tasdiqlangan loyiha hujjatlariga muvofiq (blok-А) 8 qavatli, loyihadagi o‘qlar bo‘yicha 39,6*14,4m, yerto‘la balandligi 3,0m, 1 qavat noturar joy 4,5m va 2-8 qavatgacha (qavat balandligi 3,0m) etib koʼrsatilgan.
Ushbu obyektning 2-bosqichi bo‘yicha qurilish-montaj ishlarida yuzaga kelgan kamchiliklar yuzasidan tegishli yozma ko‘rsatmalar berilgan. Yozma ko‘rsatmalar talablarini o‘z vaqtida bartaraf qilmaganligi sababli MJtKning 99-moddasi bilan jarimaga tortilgan. Shuningdek, obyekt uchun “EMAAR ZERO MAX” MChJ tomonidan 2024-yil 19-yanvarda texnik xulosa olingan.
Holat Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutaxassislari va texnik nazoratchi, Mualliflik nazoratchisi mutaxassislari bilan birga yana o’rganib chiqildi. Hozirgi kunda obyektning 2-bosqichida pardozlash ishlari olib borilmoqda.

