Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan (MUNOSABAT)

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi quyidagilarni ma'lum qiladi:
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Quva ko'chasi 9-uy manzilida "System metall stroy" MChJ tomonidan qurilayotgan ko'p qavatli turar-joy Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan qayta ro'yxatdan o'tmagan. Hozirgi kun holatiga ko'ra obyektda pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 214-sonli qaroriga asosan Sotib oluvchi va Sotuvchi o'rtasidagi moliyaviy ishlarni nazorat qilish inspeksiya vakolati doirasida emasligini ma'lum qilamiz. Mavjud nizoli holatni hal qilishda aholining sud organlariga murojaat qilishi maqsadga muvofiq.
Ma'lumot uchun, Toshkent viloyati Qibray tumani qurilish bo‘limining 2021-yil 3-avgustdagi tegishli ruxsatnomasi bilan “System metall stroy” MChJga Qibray tumani Tuzel qishlog‘i (hozirgi Mirzo Ulug'bek tumani Quva ko‘chasi 9-uy) manzilidagi o‘ziga tegishli 0,57 ga yer maydonida mavjud noturar joy binolari o‘rnida ko‘p qavatli turar-joy binosi qurish uchun ruxsatnoma berilgan.
Ushbu ruxsatnoma hamda buyurtmachining buyurtmasi asosida Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi Bosh boshqarmasi tomonidan tegishli arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgan. Tasdiqlangan loyihaga asosan 8 qavatli ko‘p xonadonli turar-joy binosi 7 ta yo‘lak, 144 ta xonadondan iborat.
Yuqoridagi hujjatlarga muvofiq ushbu obyektning ishchi loyihasi uchun o‘rnatilgan tartibda “Mumtoz loyiha” MChJ ekspertiza tashkilotining tegishli yig‘ma ekspertiza xulosasi olingan.

