UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi (MUNOSABAT)

Ijtimoiy tarmoqlarda “Sergelida 5 yildan beri gazsiz yashayotgan novostroykadagilar”, - deya odamlarning eʼtirozlari aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi: 

Yangihayot tumani Yoʻldosh-6 mavzesidagi ushbu turar joy “ERAM QURILISH” MCHJga tegishli boʻlib, obyektda qurilish-montaj ishlari Hukumatning tegishli qarori asosida inspeksiyani xabardor etmagan holda oʻzboshimchalik bilan boshlab yuborilgan. Ushbu holat yuzasidan “ERAM QURILISH” MCHJga nisbatan 2021-yil 7-iyul kuni yozma koʻrsatma berilgan. Biroq belgilangan kamchiliklar oʻz vaqtida bartaraf etilmagach, Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 99-moddasi 7-qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganligi sababli MCHJ rahbariga  sud organlari tomonidan  jazo chorasi bilan bogʻliq qaror chiqarilgan. Xususan, mazkur masala yuzasidan Toshkent shahar Qurilish Bosh boshqarmasiga  va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasiga xatlar joʻnatilgan. 

Shuningdek, 2024-yilning  12-iyulida  ushbu  obyektga  tekshiruv oʻtkazish maqsadida chiqilganida qurilish ishlari toʻxtatilganligi aniqlangan va qurilishga javobgar mansabdor shaxslar joyiga yetib kelmaganligi sababli xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzilgan.

2024-yil 5-noyabrda yana monitoring oʻtkazilgan hamda holat yuzasidan “ERAM QURILISH” MCHJga yozma koʻrsatma yuborilgan. Hozirgi kunda  inspeksiya mazkur holat bo'yicha sud organlariga tegishli tartibda chora koʻrilishi yuzasidan daʼvo arizasi kiritmoqda.

Quruvchi tashkilot va fuqarolar (subinvestor) oʻrtasida tuzilgan shartnoma shartlari bajarilishini nazorat qilish hududiy inspeksiya vakolatiga kirmaydi va mazkur qurilish obyekti inspeksiya roʻyxatidan oʻtmaganligi sababli uyning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berilishi tadbirkor “ERAM QURILISH” MCHJning majburiyatidir.