Toshkent shahri Yunusobod tumanida joriy yilning may oyida kommunal sohasiga oid kelib tushgan murojaatlar (MUNOSABAT)

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yunusobod tumanida joriy yilning may oyida kommunal sohasiga oid kelib tushgan murojaatlar yuzasidan quyidagilar ma'lum qilinadi:
Yunusobod tumani TashGRES mavzesidagi 3-uyning kirish yo‘laklari, elektr shitlari ta’mirtalab ahvoldaligi tanqid qilingan holat mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqildi. Shunday holat 3-mavzedagi ko‘p qavatli uylardan birining kirish yo‘lagida ham kuzatilgan. Mazkur muammolar boshqaruv organlari tomonidan joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik davomida bartaraf etilishi ta’kidlandi. Hozirda smeta hujjatlarini ishlab chiqish bo’yicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Ushbu tumanning 6-mavzesidagi uylardan birining yerto‘lasida oqova suv quvurlari nosozligi sabab oqova suvlar toshayotgani aytilgan holat ham o‘rganib chiqildi. Unga ko‘ra mulkdorlarning oqova suv tizimidan noto‘g‘ri foydalanishi, jumladan, turli chiqindilarni oqova suv tizimiga oqizish kabi holatlar aniqlandi. Xuddi shunday holat Yunusobod tumani 6-mavzedagi 30-uyda ham kuzatilgan. Bu bo’yicha aholi orasida targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish lozimligi ta’kidlandi. Hozida boshqaruv tashkilotlari tomonidan mazkur muammo bartaraf etilgan.
Yunusobod tumani 12-mavze 26-uyning yerto‘lasida quvurlar nosozligi sabab suv to‘planayotgani aytilgan holat ham aholi orasida kommunal madaniyatning yetishmasligi oqibatida kelib chiqqan. Mazkur uyning yerto‘lasida quvurlar yangisiga almashtirilganiga qaramay, ortiqcha bosim hisobiga yorilish holatlari kuzatilgan. Hozirda muammoni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Quvurlarda nosozlik aniqlangan yana bir holat to‘liq bartaraf etilgan.
Yunusobod tumani 6-mavzedagi 35-uy yerto‘lasi hamda ko‘p qavatli uylar atrofidagi hovli, yo‘llarni har yog‘ingarchilikdan keyin suv bosishi xabar qilingan holat ham to‘liq nazoratga olingan. Hozirda tegishli tashkilotlar jalb qilingan holda muammoga optimal yechim topish choralari ko‘rilmoqda.

