Toshkent viloyati Chirchiq shahrida koʻp kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi aholining issiqlik ta’minotini yaxshilash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda
Xabar berib kelayotganimizdek, Toshkent viloyati Chirchiq shahrida koʻp kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi aholining issiqlik ta’minotini yaxshilash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, shahardagi 200 ga yaqin koʻp kvartirali uylarni issiqlik ta’minotini tiklash maqsadida yangi qozonxona barpo etish, yertoʻlalarga IIPlar oʻrnatish ishlari amalga oshirildi. Endilikdagi vazifa mazkur issiqlik ta’minoti vositalarining togʻri ekspluatatsiyasini olib borish va koʻp yillar davomida aholining xonadoni uchun eng muhim resursni oʻz vaqtida ta’minlashdir.
Ayni maqsadda bugun Chirchiq shahrida faoliyat yurituvchi boshqaruv tashkilotlari vakillari uchun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva, Chirchiq shahri hokimi Davron Hidoyatov hamda vazirlik Issiqlik ta’minoti tizimini ekspluatatsiya qilish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Qurbon Tursunov ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
Unda koʻp kvartirali uylarni issiqlik bilan ta’minlashdagi yangi zamonaviy texnologiyalar, undan foydalanish tartibi, ekspluatatsiya qoidalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Yillar davomida issiqlik ta’minotidan uzilgan uylarda tizim bilan bogʻliq muammolarga oʻz vaqtida yechim topish masalalari muhokama qilindi. Mas’ullarga yangi tizimni toʻgri tashkil etish yuzasidan aniq topshiriqlar belgilandi.
- Chirchiq ahli yillar davomida issiqlik yoʻqligidan aziyat chekib kelgan. Mamlakatimizda olib borilayotgan insonparvarlik mezonlari asosida bugun ularning ushbu muammolaro bartaraf etilmoqda. Endigi maqsad mana shu imkoniyatlarni toʻgʻri safarbar etish, aholiga sidqidildan xizmat qilish,- dedi Ozoda Joʻrayeva.





