Toshkent viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi (MUNOSABAT)

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi:
Mazkur holat 2023-yilning aprel oyida ham telegram kanallari orqali tarqalgan edi. Murojaatda 1/3-sonli binoning 9-qavatida armokarkas montaj va beton quyish ishlari sifatsiz amalga oshirilganligi taʼkidlangan. Maʼlum boʻlishicha, mazkur qurilish Olmaliq shahar Islom Karimov MFY hududida “ORIENT AUTO UNIVERSAL” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan. Koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklar yuzasidan Toshkent viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2023-yilning 14-martida tekshiruv oʻtkazilgan. Ushbu turar-joy binolari shaharsozlik norma va qoidalarining “Zilzilaviy hududlarda qurilish” meʼyor va talablariga amal qilmagan holda qurilgani, jumladan, handaq tayyorgarligiga oid geolog dalolatnomasi va zamin tuproq qatlami zichligi boʻyicha laboratoriya xulosalari toʻliq rasmiylashtirilmagani maʼlum boʻlgan.
Shuningdek, monolit beton konstruksiyalarning mustahkamligi boʻyicha laboratoriya xulosalari olinmagan. 1/3-sonli turar-joy binosining +21.7 balandlik nuqtasida monolit beton armokarkas montaj ishlari, belgilangan loyiha talabi asosida bajarilmay 600 mm 300 mm oʻlchamda montaj qilinib qurilish meʼyor qoidalarining 2.01.03-19 talablari qoʻpol ravishda buzilgan holda opalubka montaj ishlari bajarilgan. Xususan, obyektda texnika xafsizligi qoidalariga rioya etilmagan. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan masʼul shaxslar ishtirokida pudratchi tashkilot “ORIENT AUTO UNIVERSAL” MCHJ rahbariga nisbatan jarima jazosi rasmiylashtirilgan. Inspeksiya xodimlari tomonidan nazorat tartibida namunalar olinib, beton va armaturalar sinovdan oʻtkazilganda esa beton markasi loyiha talabidan bir necha bor pastligi aniqlanib, amaldagi normalarga mos kelmasligi maʼlum boʻlgan.
"Ogʻirsanoatloyiha" qidiruv instituti tomonidan qoʻshimcha ravishda binoning texnik holati boʻyicha xulosa olinganida 3 ta 9 qavatli turar-joy binosining 1/3-sonli obyektida seysmik hududlarda qurilish norma-qoidalariga zid ravishda beton mustahkamligi loyiha talablariga umuman javob bermasligi aniqlangan. Hozirda ushbu 1/3 uyning 7-8 va 9-qavatlari quruvchi tomonidan buzdirilgan. Qolgan qavatlarining konstruksiya qismini kuchaytirish boʻyicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

