“ToshkentboshplanLITI” davlat muassasasida seminar tashkil etildi
“ToshkentboshplanLITI” davlat muassasasida seminar tashkil etildi. Unda O‘zbekistonda barqaror mobillikni ta’minlash, Markaziy Osiyoda “aqlli” va barqaror tumanlarni yaratish, shuningdek, istiqboldagi loyihalarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Seminarda Germaniyadan tashrif buyurgan talabalar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi kafedra mudiri professor Saydulla Kalaubov, Sud ekspertizasi markazi avtotexnika laboratoriyasi mudiri Qahramon Umidullayev, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining raqamlashtirish va ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish bo‘limi bosh mutaxassisi Doniyor Musayev, Toshkent davlat transport universiteti kafedra mudiri professor, doktor Anvar Nazarov va “ToshkentboshplanLITI” direktori v.v.b Bahrom Usmonov ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Tadbir davomida shaharsozlik, transport infratuzilmasini raqamlashtirish, xavfsizlik va samaradorlikni oshirish bo‘yicha ilg‘or g‘oyalar taqdim etildi. Ishtirokchilar tajriba almashish orqali barqaror rivojlanish uchun urbanizatsiya jarayonida innovatsion yondashuvlar zarurligini ta’kidladilar.
Seminar yakunida Germaniyadan tashrif buyurgan talabalar va o‘zbek mutaxassislari o‘zaro muloqotdan yaxshi taassurot hamda amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar. Bu kabi tadbirlar, ekspertlarning fikricha, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda kelajakdagi loyihalarda barqaror shaharsozlik modelini ishlab chiqishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.