"Ustoz shogird" anʼanalari davom etmoqda
"Ustoz ko'rmagan shogird har maqomga yo'rg'alar", deyishlari bejiz emas. Ayniqsa, bunyodkorlik sohasidagi bilim va ko'nikmalarni shakllantirishda, go'zal qadriyatlarimiz bilan shakllangan o'ziga xos arxitektura sir-sinoatini davom ettirishda ustoz-shogirdlik anʼanalari muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu an'ana bugungi kunda koʻplab sohalar qatori, qurilish va kommunal sohasida ham keng qoʻllanib keladi. Boisi yosh mutaxassislarni har tomonlama mukammal shakllantirishga eʼtibor qaratish zamon talabiga aylandi.
Bugun Toshkent arxitektura-qurilish universiteti talabalari uchun professor-oʻqituvchilar hamda Arxitektura va qurilish sohasida Faxriylar kengashi tomonidan davra suhbati tashkil etildi. Unda soha faxriylaridan A.Zaydullayev hamda geofizik N.Xidyatullayevlar ishtirok etdilar.
Xususan, faxriylar sohadagi bugungi o'zgarishlar va o'z faoliyatlaridan kelib chiqqan tajribalari hamda samarali mehnatni tashkil etish haqidagi fikrlarini bayon etdilar. Shuningdek, yoshlarga yetuk kasb egasi bo‘lish uchun kerakli bo‘lgan maslahat va tavsiyalarni berib o‘tishdi.