UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

Ustozlar kuni

Azaldan xalqimizga xos muruvvat, saxovatpeshalik, oqibat kabi chin insoniy fazilatlar ulugʻlab kelingan. Bu kabi hislatlarimiz ayniqsa, toʻylarda, yaxshi-yomon kunlarda yanada yaqqol koʻzga tashlanadi. 

 1-oktabr Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi mutasaddilari, ayni sohada uzoq yillar mehnat qilib, bugun keksalik gashtini surayotgan mehnat faxriylari holidan xabar oldilar. 
Samimiy kechgan suhbatlarda bugungidek dorilomon kunlarga shukronalar aytildi. Inson va uning manfaatlari oliy qadriyat deya eʼtirof etilayotgan hozirgidek farahbaxsh kunlar davomiyligini soʻrab duoga qoʻl ochildi. 

Darhaqiqat inson yaralibdiki, yaxshi niyatlar qiladi. Ezgu amallarga chogʻlanadi. Vazirlik tomonidan yaxshi  anʼanaga aylangan bu kabi yoʻqlovlarda ham aslida inson koʻngliga roʻshnolik olib kirish, eʼtibor va gʻamxoʻrlikka muhtoj kishilar kayfiyatiga koʻtarinkilik baxsh etish kabi maqsadlar mujassam.  Aniqroq aytadigan boʻlsak, ushbu mehnat faxriylarining har biri murabbiy. Koʻplab shogirdlarning sevimli ustozi. Aslida dunyoda shunday kasblar borki, rohatidan mehnati, muvaffaqiyatidan zahmati koʻp. Ustoz-u murabbiylarning fidoyi mehnatini ham shunga qiyoslash mumkin. Ularning zakiy ilmi, taʻlim-tarbiyasi, qalb qoʻri ila bergan saboqlari tufayli unib-oʻsamiz, jamiyatda oʻz oʻrinimizni egallaymiz. Hazrat Navoiy taʻbiri bilan aytganda, dunyoning jamiki boyligi va xazinasi bilan ham ularning oliyjanob mehnati haqini ado etib boʻlmaydi.  Zero, ustoz borki, jaholat chekinadi, ilm zavol bilmaydi, dunyo olgʻa qadam tashlaydi. Ustoz borki, xalqimiz hayoti charogʻon va albatta farovondir!