“Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida” mavzusida matbuot anjumani
Bugun “Issiqlikta’minoti” aksiyadorlik jamiyati mas’ullari ishtirokida “Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ta'kidlanganidek, uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish maqsadida 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 100-son qarori tasdiqlandi. Mazkur qaror bilan “Issiqlikta’minoti” tashkil etildi.
Issiqlik ta’minoti sohasida yagona davlat siyosatini yuritish Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga, yagona texnik siyosatini yuritish va muvofiqlashtirish mazkur jamiyatga yuklandi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va “Issiqlikta’minoti” AJ bilan birgalikda:
– ko‘p kvartirali uy-joylar va ijtimoiy soha muassasalariga 8 681 ta individual issiqlik punktlarini o‘rnatish (2025-yilda 480 ta) orqali markazlashgan issiqlik ta’minotini “yopiq tizim”ga o‘tkaziladi;
– Investitsiya dasturi doirasida respublika budjeti mablag‘lari hisobidan 2025-2029-yillarda issiqlik tizimlaridagi eskirgan 103 ta qozonxona va 1,632 ming km issiqlik tarmoqlarini, shu jumladan, 2025-2026-yillarda 18 ta qozonxona va 258 km issiqlik tarmoqlari yangilanadi;
- 2025-yilda Investitsiya dasturi doirasida respublika budjeti mablag‘lari hisobidan issiqlik ta’minoti obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun 500,0 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.
Shuningdek, hududlardagi 8 ta qozonxona va 80 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarida qurilish va modernizatsiya ishlari, 25 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qozonxona hamda issiqlik tarmoqlari qurish ishlari boshlab yuborilgan.
Loyihalarni amalga oshirish natijasida hududlardagi 35 mingdan ortiq xonadondan iborat 1 084 ta ko‘p qavatli uy va 110 ta ijtimoiy soha obyektlarini issiqlik energiyasi bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.