Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun
Yurtimizda Mustaqillik bayrami arafasi va yangi o‘quv yili oldidan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Chunki farzandlarimizga zamonaviy sharoitlarda ta’lim berish kelajagimizni mustahkamlash demakdir.
Shu maqsadda “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” davlat muassasasi buyurtmachiligida qator umumta’lim maktablari rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilmoqda. Jumladan, Jizzax viloyati G‘allaorol tumani “G‘o'bdin” mahallasida joylashgan 17-son maktab rekonstruksiya qilinib, 100 o‘rinli yangi bino foydalanishga topshirildi. Ushbu bunyodkorlik ishlari uchun 1 milliard 465 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani natijasida o‘quvchilar uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Xuddi shunday ezgu tashabbus Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi “Istiqlol” mahallasida ham amalga oshirildi. Bu yerda 16-son maktab rekonstruksiya qilinib, 240 o‘quvchi sig'imiga ega zamonaviy bino qad rostladi. Mazkur loyihaga 2 milliard 840 million so‘m mablag‘ sarflandi va natijada yuzlab bolalarning bilim olishi uchun yanada keng imkoniyat yaratildi.
Ta’lim tizimini mustahkamlash borasidagi izchil ishlarning yana bir namunasi Qorako‘l tumanida amalga oshirildi. “Eski qal’a” mahallasidagi 18-sonli maktabda 3 milliard 887 million so‘m mablag‘ evaziga 300 o‘quvchi o‘rinli qo‘shimcha bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu bilan tuman o‘quvchilarining bilim olish sharoitlari yanada yaxshilandi.
Yaratilayotgan bunday imkoniyatlar, eng avvalo, yosh avlodning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishiga, Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘sha oladigan kadrlar bo‘lib shakllanishiga xizmat qiladi. Zero, mustaqil O‘zbekistonning eng katta boyligi va eng ishonchli kelajagi – bu bilimli va tarbiyali yoshlarimizdir.