Vazir o‘rinbosari Buxoroda
Ayni kunlarda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva xizmat safari bilan Buxoro viloyatida bo‘lib turibdi.
Ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish sifati, samaradorlik, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini o‘rganishni maqsad qilgan vazir o‘rinbosari Buxoro shahridagi bir necha boshqaruv servis kompaniyalarining kechki faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, boshqaruv organlarining 24/7 ish rejimidagi faoliyati, ishchi xodimlar kuchi, murojaatlarni qabul qilish va bartaraf etish tartibi, moddiy-texnika bazasi hamda boshqaruv binosida ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
“Buxoro kommunal servis” BSK shahardagi 74 ta ko‘p kvartirali uyga xizmat ko‘rsatib keladi. Undagi sharoitlar bugungi zamonaviy talablarga javob beradi. Shuningdek, aholi qulayligini oshirish maqsadida qo‘shimcha servis xizmatlar, tadbirkorlik faoliyatlariga ham keng yo‘l ochilgan.
Ozoda Jo‘rayeva ko‘p kvartirali uylar atrofida bo‘lib, aholining kayfiyati va sohaga bo‘lgan mulohazalarini ham tingladi. Ularning sohadagi tub o'zgarishlarga bo'lgan ijobiy fikrlari qabul qilindi.
Ikkinchi manzil “City center” boshqaruv organi bo‘ldi. Mazkur BSKda ham mulkdorlar qulayligini oshirish, ularga sifatli xizmat tashkil etish yuzasidan ko‘plab ishlar amalga oshirilgan. Kompaniya tun-u kun xalq xizmatida.
Ozoda Jo‘rayeva Buxoro shahrida ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish sohasi yangi bosqichga chiqqanini e’tirof etdi:
- Biz juda murakkab, ammo xalqimiz uchun eng xayrli bo‘lgan yo‘ldan yurmoqdamiz. Sohada yig‘ilib qolgan muammolar o‘z yechimini topayotgani bizning yutug‘imiz. Bugun islohotlarimiz mamlakatimizning barcha hududlariga kirib borayotgani albatta quvonarli, - dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Ma'lumot uchun, Buxoro viloyatida jami 1 721 ta ko'p kvartirali uy mavjud bo'lib, 41 ta boshqaruv organi tomonidan xizmat ko'rsatib kelinadi.






