UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

Vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Hisob palatasi, Bosh prokuratura mas'ul xodimlari, vazirlikning tegishli boshqarma va bo‘limlari, tasarrufiy tashkilotlar hamda hududiy bo‘linmalar vakillari ishtirok etdi

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida ichki audit tizimi hamda davlatimiz rahbarining “Budjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun- mohiyatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Hisob palatasi, Bosh prokuratura mas'ul xodimlari, vazirlikning tegishli boshqarma va bo‘limlari, tasarrufiy tashkilotlar hamda hududiy bo‘linmalar vakillari ishtirok etdi. 

- Ichki audit har qanday korxonaning moliyaviy qaltisliklarini aniqlash va oldini olishning samarali vositalaridan biridir. Vazirligimizda ham bu borada qator ishlarga qo‘l urilgan. Xususan, budjet mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish xavflari va uni keltirib chiqarayotgan sabablarni minimallashtirish, ularni sodir etishga imkoniyat yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish orqali qonunbuzilish holatlari oldi olinmoqda.  Xususan, joriy yilning 12-fevral kuni bu boradagi ishlarni tizimli va samarali tashkil qilish bo‘yicha Hisob palatasi, Bosh prokuratura, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining “Vazirlik tizimida budjet mablag‘larini maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan monitoring va nazorat tizimini o‘rnatish to‘g‘risida”gi Qo‘shma qarori qabul qilindi. Qarorga asosan vazirlikda tashkil etilgan “Situatsion markaz”da  budjet xarajatlarini zamonaviy axborot texnologiyalari orqali onlayn  masofadan nazorat qilish ta’minlanmoqda, - dedi Ozoda Jo‘rayeva. 

Tadbirda vazirlik Ichki audit bo‘limi boshlig‘i Ilhom Mamanov so‘zga chiqib, tizimda joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida budjet mablag‘larini maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan amalga oshirilgan monitoring hamda nazorat  ishlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ta'kidlanganidek, 2024-yilning o‘tgan davri mobaynida jami 18 ta tizim tashkilotlarida nazorat tadbirlari o‘tkazilib, jami 4 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Bunda mablag‘larni ortiqcha rejalashtirish, ish haqini ortiqcha to‘lash, davlat xaridlari to‘g‘risidagi tartib va taomillarga rioya etmaslik va asosiy vosita hamda tovar moddiy boyliklarni kirim qilmaslik kabi xato-kamchiliklarga yo‘l qo'yilgan.
Shuningdek, vazirlikning tizim tashkilotlarida 2024-yil uchun xarajatlar smetasi va shtatlar jadvallari amaldagi me’yoriy hujjatlar talablariga rioya etilgan holda tuzilishi hamda ro‘yxatdan o‘tkazilishi o‘rganilganda, 13 ta tizim tashkilotlarining shtat jadvallariga 40 ta shtat birliklari asossiz ortiqcha kiritilib, 1,1 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ ortiqcha rejalashtirilganligi aniqlangan.

Ichki audit bo‘limi tomonidan Hisob palatasi bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktika ishlari natijasida yuqoridagi me’yorga nisbatan ortiqcha kiritilgan 40 ta shtat birligi qisqartirilishi ta’minlandi va 1,1 mlrd so‘m miqdoridagi budjet mablag‘ining noqonuniy sarflab yuborilishini oldi olindi. Shu bilan birga ortiqcha to‘langan mablag‘lar budjetga tiklanishi ta’minlandi.


Tadbirda shuningdek, Hisob palatasi mas’ullari Otabek Qodirov hamda Murod Sharipovlar tomonidan davlatimiz rahbarining “Budjet mablag’laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 100-son Farmoni mazmun-mohiyatiga bag’ishlangan taqdimot o’tkazildi.

Xususan, Farmonga ko’ra:

2025-yildan ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yirik tashkilotlar faoliyatini auditdan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;

strategik va axborot texnologiyalari auditi turlari joriy etiladi;

2024-yildan O‘zbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalariga erishish dasturlarining ijrosi har yili Hisob palatasi tomonidan baholashdan o‘tkaziladi hamda natijalari yuzasidan Prezidentga hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot kiritiladi;

2025-yildan davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan hududlarga taqsimlangan mablag‘lar bo‘yicha ma’lumotlar tegishli xalq deputatlari kengashlariga taqdim etiladi;

2025-yil 1-yanvardan moliyaviy va boshqa xavflarning oldini olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yirik tashkilotlarda ularning birinchi rahbarlari boshchiligida kollegial asosda “Xavflarni boshqarish” qo‘mitalari tuziladi.

Shu bilan birga yig’ilishda ishtirok etgan Bosh prokuratura mas’ullari, vazirlik va uning tizim tashkilotlarida faoliyat yurituvchi mutaxassislar tizimda ichki nazoratni kuchaytirish yuzasidan o’zlarining taklif va mulohazalarini bildirdilar.