Vazir o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva boshchiligida o’tkazilayotgan qabulda aholining ko’p qavatli uylarga xizmat ko’rsatuvchi boshqaruv organlari faoliyati oid murojaatlari qabul qilinmoqda
Bugungi kunda uy-joy kommunal xizmat ko’rsatish sohasida aholini qanday muammolar qiynab kelmoqda? Mazkur masalalarga optimal yechim topishda nimalarga e’tibor qaratish kerak?
Xalq bilan izchillik bilan o’tkazib kelinayotgan qabullarda ushbu masalalar ko’rib chiqilmoqda.
Ayni paytda o'tkazilayotgan qabulda ham poytaxtimizning Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod tumanlaridan kelgan murojaatchilarning ko’p qavatli uylarga xizmat ko’rsatish sohasidagi bir qator kamchiliklar, uylarni boshqarish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining o’zaro munosabatlaridagi muammolar, aholining debitor qarzdorligi kabi 10 ga yaqin masalalar o'rganilmoqda.
- Tizimlilik va tartib-kommunal sohada biz e’tibor berishimiz shart bo’lgan asosiy jihatlar hisoblanadi. Ish samaradorligi, uning takomillashuvi ushbu jihatlarga bog’liq. Bu yo’lda juda ko’p ishlar olib borayapmiz, ammo boshqaruv organlari yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanmasa, o’z vazifasiga mas’uliyat bilan qaramasa bugungi raqobat muhitida uzoq ishlay olmaydi. Shu bilan birga muntazamlilikni ta’minlashda mulkdorlardan ham katta mas’uliyat talab etiladi. Zero, qars ikki qo’ldan chiqadi,- dedi Ozoda Jo’rayeva.
Murojaatlar asosida Chilonzor va Uchtepa tumanlarida faoliyat yurituvchi boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati o’rganiladigan bo’ldi.




