UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

Vazir o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva ishtirokida fuqarolarning kommunal sohaga oid murojaatlari yuzasidan qabul o’tkazildi

Xabar berganimizdek, kuni kecha vazir o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva ishtirokida fuqarolarning kommunal sohaga oid murojaatlari yuzasidan qabul o’tkazildi.

Mazkur qabulda poytaxtimizning Yashnobod tumani Farg’ona yo’li ko’chasi 4-son uy mulkdorlari yerto’lada veterinar dorixona bilan shug’ullanuvchi tadbirkorlarning omborlari joylashgani, bu esa shaxtada noxush hid keltirib chiqarayotgani, allergik kasalliklarni qo'zg'ayotgani, aholiga turli noqulayliklarni keltirib chiqarayotganini ta'kidlagan edi. Murojaatchilar ushbu masalada juda qiynalayotgani, ko’p tashkilotlarga uchragani, ammo har safargi urinishlar besamar ketayotganini alohida qayd etdi. 

Ozoda Jo'rayeva mazkur holatni joyiga chiqqan holda o'rgandi.  

Tadbirkorga tarkibida ishqor mavjud bo'lgan, yonuvchi xususiyatga ega mahsulotlarni uyning umumfoydalanish qismida saqlash mumkin emasligi tushuntirildi. Shuningdek, vazirlik huzuridagi inspeksiya tomonidan mazkur uyning yerto'lasidan foydalanish holati qat'iy o'rganilishi va aholi xavfsizligiga rahna soluvchi moddalarni chiqarib yuborish yuzasidan qat’iy topshiriqlar berildi. 

Ozoda Jo'rayeva ushbu uyga xizmat ko'rsatuvchi "Natural bio plus" BSK faoliyatini ko'zdan kechirib, aholi vakillari bilan suhbatlashdi. Xususan, lift muammosi, ko’p qavatli uylar atrofidagi tutash hududlar, xususan, bolalar maydonchasi hamda uyning texnik holatini yaxshilash bo’yicha murojaatlar qabul qilindi. 

Ta’kidlash lozimki, 4-son uyning bugungi kundagi debitor qarzdorligi 200 mln so’mni tashkil etadi. Yillar davomida e’tiborga olinmagan bu jihat bevosita uy holatiga ta’sir etmay qo’ymagan. Ozoda Jo’rayeva qars ikki qo’ldan chiqishi, talab bor joyda intizom ham bo’lishi lozimligini ta’kidlab o’tdi.

- Soha ko’p tarmoqli va undagi muammolar ham bir-biriga ta’sir qilmay qolmaydi. Shu sababli sizlardan izchillik, doimiylik, tartib talab etiladi. Boshqaruv tashkiloti bir kun ishlamasa, katta-katta muammolar chiqib ketishi mumkin. Shuning uchun ko’p ta’kidlaymanki, majburiy badal o’z vaqtida to’lanishi va kompaniya faoliyati to’xtovsiz davom etishi kerak,- dedi Ozoda Jo’rayeva. 

Shu bilan birga kompaniya faoliyatidagi qator kamchiliklar tanqid qilindi. Mazkur muammolarni bartaraf etish bo’yicha aniq muddat belgilandi. Aholi vakillariga esa boshqaruv organini tanlash va tayinlash o’z qo’lida ekanligi, uning tartibi bo’yicha huquqiy tushunchalar berildi.