Vazir o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva Mirzo Ulug’bek tumanida ham bo’lib, aholi murojaatlarini o’rgandi
Tumandagi 57 ta ko’p qavatli uyga xizmat ko’rsatuvchi “Bunyodkor obod ta’mir” boshqaruv servis kompaniyasida bugungi kunda 24 nafar ishchi-xodim faoliyat ko’rsatadi.
Ozoda Jo’rayeva uylarning texnik holati, mavjud muammolar yuzasidan aholining fikr-mulohazalarini o’rgandi. Kompaniya tomonidan kuz-qish mavsumiga ko’rilayotgan tayyorgarliklar, xususan, tom yopish, muhandislik tarmoqlarini ta’mirlash jarayonlari ko’zdan kechirildi.
Ish sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan kompaniya mas’ullariga aniq topshiriqlar berildi. Shu bilan birga uylar atrofini obodonlashtirish, ko’kalamzorlashtirish yuzasidan e’tiborsizlik qilayotgan kompaniya faoliyati tanqid qilindi.
- Bugun biz aholiga har tomonlama namunali sharoit yaratish yo’lida mehnat qilishimiz kerak. To’g’ri, tozalikka rioya qilmaydigan, chiqindilarni keraksiz joyga tashlaydiganlar yo’q emas, ammo kompaniya bu borada ishni avvalo o’zidan boshlashi shart,- dedi Ozoda Jo’rayeva.
Boshqaruv kompaniyasiga aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar belgilandi.





