Vazir oʻrinbosari Andijonga yetib bordi
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Buloqboshi tumani Sarvontepa mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi Janubiy Fargʻona kanali qirgʻogʻi shikastlanib, natijada aholi xonadonlariga suv kirib borgani haqida xabarlar tarqaldi.
Maʼlumot uchun, hozirda Janubiy Fargʻona magistral kanalining bosh qismida suv oqimi toʻliq toʻxtatilgan. Mutasaddi tashkilotlar tomonidan barcha zarur xavfsizlik choralari koʻrilgan va suv oqimini xavfsiz oʻtkazish taʼminlanmoqda. Holat toʻliq nazoratga olingan.
Shu bilan birga Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Toir Alimatov boshchiligidagi ishchi guruhi ham mazkur hududga yetib bordi.
Ayni paytda mutaxassislar aholi xonadonlarida boʻlib, yetkazilgan zararni oʻrganish va aniqlash ishlarini olib bormoqda.