Vazir oʻrinbosari Qoraqalpogʻistonda
Ayni paytda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Toir Alimatov Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib turibdi. Bugun masʼullar ishtirokida koʻp qavatli uylarni qurishda seysmik xavfsizlik va shaharsozlik talablariga rioya etilishiga oid masalalar muhokamalar markazida boʻldi.
Xususan, zilzilabardoshlikka doir vizual hamda instrumental-texnik tekshiruvlar oʻtkazish boʻyicha huquqni qoʻllash amaliyotidagi mavjud kamchiliklar hamda muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqishning bugungi holati kabi masalalarga eʼtibor qaratildi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi mutasaddilari, loyiha-pudrat tashkilotlari, hududiy nazorat inspeksiyasi, Prokuratura organlaridan mas'ullar, Kadastr agentligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlarning vakillari ishtirok etdi. Yigʻilishda qurilish qoidalarini qoʻpol ravishda buzgan subyektlar toʻgʻrisida nazorat inspeksiyasi vakilining hisoboti ham tinglandi.
Muhokamalarda vazir oʻrinbosari tomonidan bino-inshootlarning seysmik mustahkamligi boʻyicha 405-sonli Hukumat qarori talablariga qatʼiy amal qilinishi zarurligi, qurilishda sifat va xavfsizlik birinchi oʻrinda ekanligi hamda bu yoʻnalishda qonuniylikni taʼminlash, sohaga ilmiy va texnik yondashuvni kuchaytirish lozimligi alohida qayd etildi.