Vazir oʻrinbosari Toir Alimatov boshchiligida Buxoro viloyatida masʼullar ishtirokida koʻp qavatli uylarni qurishda seysmik xavfsizlik va shaharsozlik talablariga rioya etilishiga oid masalalar yuzasidan yigʻilish bo‘lib o‘tdi
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Toir Alimatov boshchiligida Buxoro viloyatida masʼullar ishtirokida koʻp qavatli uylarni qurishda seysmik xavfsizlik va shaharsozlik talablariga rioya etilishiga oid masalalar yuzasidan yigʻilish bo‘lib o‘tdi.
Unda zilzilabardoshlikka doir vizual hamda instrumental-texnik tekshiruvlarni oʻtkazish amaliyotida uchrayotgan kamchilik va muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish jarayonining bugungi holati kabi masalalarga eʼtibor qaratildi.
Tadbirda Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi masʼullari, loyiha va pudrat tashkilotlari, hududiy nazorat inspeksiyasi, Prokuratura organlari, Kadastr agentligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlarning vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, qurilish qoidalarini qoʻpol ravishda buzgan subyektlar bo‘yicha nazorat inspeksiyasi vakilining hisoboti ham tinglandi.
Muhokamalar davomida vazir oʻrinbosari bino va inshootlarning seysmik mustahkamligi boʻyicha 405-sonli Hukumat qarori talablariga qatʼiy amal qilinishi zarurligini ta’kidladi. Qurilish jarayonida sifat va xavfsizlik birinchi oʻrinda bo‘lishi, qonuniylikni taʼminlash hamda sohaga ilmiy va texnik yondashuvni yanada kuchaytirish lozimligi alohida qayd etildi.