Vazir oʻrinbosari Toir Alimatovning Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlarida qurilayotgan ijtimoiy soha obyektlarini oʻrganishga oid tahlillari davom etmoqda
Vazir oʻrinbosari Toir Alimatovning Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlarida qurilayotgan ijtimoiy soha obyektlarini oʻrganishga oid tahlillari davom etmoqda.
Navbatdagi manzil Chimboy tumani. “Shoxtemir” MFY hududida 180 oʻrinli binoni kapital taʼmirlash va yana shuncha oʻrinli qoʻshimcha bino qurish obyektida kamchiliklar koʻzga tashlandi. Qurilishga masʼul buyurtmachi - “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” davlat muassasasi. Shu yilning dekabr oyida qurib bitkazilishi reja qilingan obyektda belgilangan talablarga muvofiq ish olib borishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan.
T.Alimatov qurilishning har bir jihatiga eʼtibor qaratib, bu borada bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar yuzasidan masʼullarga koʻrsatmalar berdi.
Kuzatuvlar Qoraoʻzak va Kegeyli tumanlarida ham davom etdi. 2024-yilning 1-iyunida boshlangan qurilish taʼmirlash ishlari joriy yil oxiriga qadar tugatilishi kerak. Ammo sifat va muddat borasida tizimli muammolar mavjud. Vazir oʻrinbosari tomonidan bino qurilishida gʻisht terish ishlariga eʼtiborsizlik bilan qaralayotgani tanqid qilindi. Jumladan gʻisht va plitalar orasini maxsus qorishma bilan toʻldirish ishlari talab darajasida emas.
“Sifat va muddat birlamchi masala boʻlishi kerak”, - dedi Toir Alimatov.
Obyektni oʻz vaqtida talab va meʼyorlar asosida foydalanishga topshirish, bunda uchrayotgan barcha toʻsiqlarni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berildi.





