UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

Vazirlikda Rossiya Federatsiyasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Grigoriyevich Muzichenko boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Ayni damda vazirlikda Rossiya Federatsiyasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Grigoriyevich Muzichenko boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda. Unda vazir o‘rinbosari Alimatov Toir Namatullayevich va boshqa  mas'ullar ishtirok etishmoqda. 

S.Muzichenko O’zbekistonda uy-joy va kommunal sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, raqamlashtirishga oid olib borilayotgan chora-tadbirlar  hamda "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimining imkoniyatlari bilan tanishmoqda.


Vazirlik mas'ullari D.Miliyev hamda M.Zagruddinovlar uchrashuv qatnashchilariga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi haqida o‘z taqdimotlari orqali ma'lumot berishmoqda. 

Mazkur tizim dasturiy majmuasida quyidagi asosiy modullari mavjud: 

1. “Qurilish sohasidagi davlat xizmatlari axborot tizimi” platformasi orqali
- bino va inshootlarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish;
- ularning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish;
- Arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish;
- loyiha-smeta hujjatlarini kelishish;
- qurilish-montaj ishlari tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish;
- ko‘chmas mulk buzilishga tushgan yoki tushmaganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish kabi bir necha davlat xizmatlari amalga oshirilib kelinmoqda.

2. Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha axborot tizimi to‘liq raqamlashtirildi, bunda ariza beruvchilar uydan chiqmagan holda (ekspertiza.mc.uz) murojaat qilishlari va qisqa muddatlarda tegishli ekspertiza xulosalarini olishlari mumkin. Eng muhimi  onlayn ravishda arizaning har bir bosqichini monitoring qilishi imkoniyati yaratilgan.

3. Qurilish-pudrat tashkilotlarining reytingini aniqlash tizimiga bugungi kunda respublikada faoliyat yuritayotgan ko‘plab pudrat va loyiha tashkilotlari kiritilgan. Mazkur tashkilotlar moddiy-texnik bazasi, raqobatbardoshligi, kadrlar siyosati,  moliyaviy ko‘rsatkichlari, xodimlarning ish tajribasi kabi bir nechta muhim faktorlar asosida reytingda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi.

4. Qurilish ishlari tender platformasi inson omilisiz amalga oshiriladi. Bunda talabgorning ma’lumotlarini avtomatik tekshirish maqsadida Soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Majburiy ijro byurosi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi va Markaziy bank ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilindi.

5. Navbatdagi modul qurilish sohasida ko‘rsatiladigan elektron xizmatlarni monitoring qilish va har bir obyekt kesimida bosqichma-bosqich amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida jam qilgan “Maqsadli dasturlar monitoring” elektron tizimidir. Ushbu tizim “Shaffof qurilish” tizimi qoshidagi boshqa tizimlar hamda tegishli vazirlik va idoralar axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan bo'lib, bu o'z navbatida  amaldagi muammolarni yechish imkonini bermoqda.
 


Shuningdek, uchrashuvda Texnik me'yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sherzod Sodiqov hamda vazirlik mas'uli Azizxo‘ja Azizov mehmonlarga "Qurilish resurslari milliy klassifikatori", BIM texnologiyalari va "hajm uslubi" haqida taqdimot qildi. 

 Ma'lumot uchun, klassifikatorda tadbirkorlik subyektlari “Elektron raqamli imzo” orqali roʻyxatdan oʻtib, qurilish resurslari boʻyicha texnik maʼlumotlar va narx parametrlariga oid eʼlonlarni joylashtirishlari mumkin:  

https://catalog.tmsiti.uz/classifier

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish jarayonlarini samarali tashkil etishning qo‘shimcha choralari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi  doirasida:  

- 2025-yil 1-yanvardan boshlab loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish va obyektlarni foydalanishga qabul qilishda qurilish xarajatlarini baholashning  "hajm" uslubiga o‘tilishi belgilangan. Muloqotda ana shular haqida so'z bordi.