“Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platforma ishini takomillashtirish hamda kelgusida hamkorlikdagi ishlarni tashkil etish yuzasidan vazirlikda yig'ilish bo'lib o'tdi
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sanoat elektrotexnika mahsulotlaridan foydalanishda aholi xavfsizligini ta’minlash hamda ushbu mahsulotlar ustidan sifat nazoratini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 602-son hamda “Respublikadagi ko‘p kvartirali uylarning lift uskunalarini ta’mirlash va yangilashda belgilangan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 98-son qarorlariga asosan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga “Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish topshirig‘i belgilab berilgan edi.
Bugungi kunda vazirlik tomonidan mazkur platforma ishlab chiqilib, joriy yilning 1-may kunidan ishga tushirildi. Hozirda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan 404 ta lift uskunalari platforma orqali davlat ro‘yxatiga qo‘yilgan bo‘lsa, ishchi guruhlar tomonidan hududlarda o‘tkazilayotgan o‘rganishlar natijasida 8 817 ta lift uskunalarining ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan.
Mazkur platforma ishini takomillashtirish hamda kelgusida hamkorlikdagi ishlarni tashkil etish yuzasidan vazirlikda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining mas'ul xodimlari ishtirokida yig'ilish bo'lib o'tdi.
Unda lift uskunalaridan foydalanish, maxsus bazani shakllantirish, qurilmalarni davlat ro'yxatidan o'tkazishda esa yagona tizim sifatida "Xavfsiz lift" elektron tizimi nazarda tutilishi kerakligi ta'kidlandi.