“Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi joriy qilinishi yuzasidan brifing
“Respublikadagi koʻp kvartirali uylarning lift uskunalarini taʼmirlash va yangilashda belgilangan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” Hukumat qarori qabul qilindi.
Ushbu hujjat bilan koʻp kvartirali uylarda yashovchi aholi xavfsizligini taʼminlanash, lift uskunalarida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan baxtsiz hodisalarning oldi olish maqsadida maʼnan eskirgan va foydalanishga yaroqsiz boʻlgan 2 383 ta lift uskunalari yangilanadi va taʼmirlanadi.
Shuningdek, lift uskunalarini foydalanishga qabul qilishdan oldin ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi subyektlarga respublika hududida kafolatlangan servis xizmatini tashkil qilish talabi qoʻyilmoqda.
Qolaversa, lift uskunalarida avariya-qutqaruv va aloqani kuchaytirish qurilmasi, kuzatuv kamerasi, avariya holati toʻgʻrisida xabar beruvchi moslamaning mavjud boʻlishi belgilab qoʻyildi.
Bugungi kunda koʻp kvartirali uylardagi lift uskunalarini 2025-2028-yillarda yangilash va taʼmirlash dasturi tasdiqlandi.
Endilikda yangidan qurilib, foydalanishga topshirilayotgan koʻp kvartirali uylardagi lift uskunalari Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi tomonidan “Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi negizidagi elektron reyestrga kiritilgandan keyingina foydalanishga qabul qilinadi.
Dispetcherlik xizmatini boshqarish, lift uskunalarining texnik holatini monitoring qilish va avariya holatlarini real vaqt rejimida qayd etadigan “Xavfsiz lift” yagona idoralararoelektron platformasi joriy yil 1-mayidan toʻliq joriy qilinadi.
Ushbu platforma ishga tushirilgach, barcha koʻp kvartirali uylardagi lift uskunalarini real vaqt rejimda kuzatib borish imkoni yaratiladi.
Aholi tomonidan foydalanuvda boʻlgan liftlarning qachon oʻrnatilganligi, qaysi tashkilot tomonidan texnik xizmat koʻrsatilishi, texnik koʻrikdan oʻtganligiga oid maʼlumotlar kuzatib borish mumkin boʻladi.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan respublikadagi 4 427 ta koʻp kvartirali uylardagi 11 428 ta lift uskunalari toʻliq xatlovdan oʻtkazildi. Natijada ekspluatatsiya muddati oʻtab boʻlgan 2 001 ta liftni yangilash va 382 taliftni taʼmirlash kerakligi aniqlandi. Ushbu maqsadlar uchun mahalliy byudjetlar hisobidan 854,6 mlrd soʻm ajratish belgilandi.
Umuman olganda bu boradagi amaliy chora-tadbirlar koʻp kvartirali uylardagi lift uskunalarining texnik holatini tubdan yaxshilash, avariyalarning oldini olish, aholiga havfsiz sharoit yaratish va lift uskunalarini monitoring qilish, shuningdek, zamonaviy dispetcherlik xizmatini koʻrsatish kabi maqsadlarga xizmat qiladi.