Xitoy delegatsiyasi Toshkentdagi Olimpiya shaharchasida
Bugun Xitoy Xalq Respublikasi Uy-joy, qishloq va shahar qurilish vaziri Janob Ni Hong boshchiligidagi delegatsiya Toshkentdagi yirik bunyodkorlik loyihalaridan biri — Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva kutib olib, loyiha jarayonlari bilan tanishtirdi.
Delegatsiya mazkur obyektning sport infratuzilmasi, zamonaviy me’moriy va texnologik yechimlari, muhandislik kommunikatsiyalari bilan yaqindan tanishdi.
Janob Ni Hong tashrif chog‘ida shunday fikrlarni bildirdi:
"O‘zbekistonning yirik sport majmualari loyihalardagi yondashuvi bizda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi inshootlar nafaqat mamlakat sport salohiyatini, balki zamonaviy shaharsozlik darajasini ham aks ettiradi. Biz O‘zbekiston bilan bu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdormiz".
Tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi qurilish, shaharsozlik va infratuzilma sohasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.