"Yangi O‘zbekison" massivida kechayotgan qurilish ishlari sifatini ko'zdan kechirish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-32-sonli Farmoniga muvofiq respublika bo‘ylab 40 ta hududda "Yangi O‘zbekiston" massivlarini qurish ishlari boshlangan. Xususan, Toshkent viloyatining Olmaliq va Chirchiq shaharlarida ham ana shunday kompleks rivojlanish tamoyili asosidagi massivlar qurilishi davom etmoqda.
Ayni paytda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov boshchiligidagi ishchi guruh Olmaliq shahrida bo‘lib turibdi. Maqsad - "Yangi O‘zbekison" massivida kechayotgan qurilish ishlari sifatini ko'zdan kechirish.
Ma'lumot uchun, Olmaliq shahrining I.Karimov va A.Qahhor nomidagi MFY hududlarida barcha ijtimoiy va muhandislik-kommunikatsiyalarga ega 4072 ta xonadondan iborat, jami 32 ta to‘qqiz va o‘n olti qavatli uy-joylarni qurish reja qilingan. O‘rganish ishlari davomida ayrim obyektlarda ShNQda nazarda tutilgan texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinmayotgani aniqlandi. Mas'ullar tomonidan qurilish materiallarini saqlash, qurilish madaniyatiga amal qilishda e'tibor qaratish zarur jihatlarga birma-bir to‘xtalindi.
O‘rganish jarayonlarida shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Pudrat bozori va qurilishda mehnat muhofazasi bo‘limi boshlig‘i B.Karimov, Uy-joy qurilishini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i B.Nazarov ham ishtirok etmoqda.



Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida qurilayotgan "Yangi O'zbekiston" massividagi bunyodkorlik ishlarini o'rganish jarayonida ayrim qoidabuzarliklarga yo'l qo'yilayotganligi aniqlandi. Xususan, poydevor ishlarida loyihadan chetga chiqish holatlari mavjud. Loyihachining mualliflik, buyurtmachining texnik va pudratchining ichki nazoratga mas'ul mutaxassislari tomonidan nazorat tadbirlarining o‘z vaqtida olib borilmagani ham keskin tanqid ostiga olindi. Birinchi qosqichda 20 gektar yer maydonida olib borilayotgan qurilish ishlarida, shuningdek:
- karkaslarni bog‘lash va to‘qish ishlarida loyiha hujjatlarida nazarda tutilgan o‘lchamdagi materiallardan foydalanilmagan;
- montaj qilingan plitalar oralig‘i qorishmalar bilan to‘ldirilmagan;
- tashqi poydevorlarda gidroizolyatsiya choralari ko‘rilmagan.
Vazir o'rinbosari tomonidan aniqlangan kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy ko'rsatmalar berildi.
Ma'lumot uchun, davlatimiz rahbarining shaxsan tashabbusi bilan hozirda 40 ta hududda mega loyiha ya'ni, “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishiga kirishildi, 2030-yilga qadar mamlakatimiz hududlarida 100 ta "Yangi O‘zbekiston" massivlarini barpo etish rejalashtirilgan.



Olmaliq shahridagi "Yangi O'zbekiston" massivi mas'ullar nigohida
O'rganish ishlari davomida massivda barpo etilayotgan 16 qavatli turar-joy binosini qurish ishlari ham ayrim kamchiliklardan holi emasligi aniqlandi. Xususan, temir karkaslarni to‘qish, xomutlarni bog‘lash ishlarida hamda poydevorlarning tayanch ustunlaridagi armaturalarni to‘qish jarayonida bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Ishchilarning xavsizligi inobatga olinmagan, ular maxsus kiyimlar bilan ta'minlanmagan. Massivda barpo etilgan 420 o'rinli MTTning texnik holati ham mas'ullar tomonidan puxta o'rganildi.
- Qurilish sohasida sifat va xavfsizlikni ta'minlash, aholi uchun barcha qulayliklarga ega, mustahkam uy-joylarni qurish – mana bizni oldimizdagi asosiy vazifa. Bu esa qurilishning har bir ishtirokchisiga katta mas'uliyatni yuklashi darkor. Loyiha hujjatlarini ishlab chiqishdan tortib, ShNQ asosida qurilish ishlarini olib borish, jarayonda ilg‘or texnologik yechimlar va sifatli qurilish materiallarini qo‘llash orqali biz xalqimiz istagan obod manzillarni bunyod eta olamiz, - deya ta'kidladi Toir Alimatov.




