“Yangi Toshkent – Markaziy Osiyoning yana bir gavhari” mavzusidagi taqdimot-matbuot anjumani boshlandi
“Yangi Toshkent – Markaziy Osiyoning yana bir gavhari” mavzusidagi taqdimot-matbuot anjumani boshlandi.
Tadbirni Qurilish va uy-koy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari, Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi direktori Davronjon Adilov ochib berdi:
- Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan shahar muhitini yaxshilash, dunyo tajribasi asosida rivojlantirish yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirilayotganidan xabaringiz bor. Ma’lumki, mamlakat arxitekturaviy qiyofasini yaxshilash, urbanizatsiyani rivojlantirish uning dunyo miqyosidagi o’rnini belgilaydi. Bu nafaqat aholi turmushini yaxshilash, balki iqtisodiyotni rivojlantirish, turizmni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega. Yangi Toshkentni barpo etishda biz mazkur jihatlarga alohida e’tibor qaratib kelmoqdamiz. Bunda xorijiy tajribani o’rgangan holda, milliy qadriyatlarimizga urg’u berish orqali katta loyihalarni boshlab yuborganmiz. Bugungi taqdimotda ham dunyoning yetakchi arxitektorlari bilan hamkorlikda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi muzeyi va ixtisoslashgan maktab hamda maqol markazi loyihasini e’tiboringizga havola qilmoqchimiz, - dedi D.Adilov.
Shahar qurilishi maʼrifatli jamiyat barpo etish gʻoyasining asosi va namunasi sifatida, ilm-fan hamda maʼnaviyat maskanlaridan boshlanishi zarur.
Tadbir loyiha tafsilotlari va maqsadiga bag’ishlagan video taqdimot bilan davom etmoqda.
Ta’kidlanganidek, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini oʻz ichiga olgan majmua xalqaro turizm maskanlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Ushbu majmua jahonga mashhur “Zaha Hadid architects” kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan.
“Zaha Hadid architects” dunyodagi eng nufuzli arxitektura firmalaridan biri sanaladi. U jahon arxitekturasida oʻziga yondashuvga ega innovatsion meʼmor Zaha Hadid nomi bilan ataladi. Uning har bir loyihasi, jumladan, Londondagi “The Serpentine Sackler” galeriyasi, Guanchjoudagi “Opera teatri”, Pekindagi “Dacin xalqaro ayeroporti”, Rimdagi “Milliy sanʼat muzeyi”, Baku shahridagi “Madaniyat markazi” hamda dunyoning eng mashhur shaharlarida joylashgan koʻplab me'moriy san'at asarlarida urbanizm, arxitektura va dizayn uygʻunligining ajoyib namunalari, shuningdek, 30 yildan ortiq tadqiqot, tajriba va izlanishlarning natijasi qalqib turadi.
Ayni damda “Zaha Hadid architects” kompaniyasi direktori Paolo Matteuzzi so’zga chiqib, loyiha haqida yig’ilganlarga atroflicha ma’lumot bermoqda.
- O’zbekiston azal-azaldan o’zining milliy qadriyatlari hamda ana shu qadriyatlarni bunyodkorlik obyektlari bilan uyg’unlashtira olgan buyuk me’morlar mamlakati hisoblanadi. Biz ham loyihani boshlashda avvalo, shu jihatlarga alohida e’tibor qaratdik. Shuningdek, zamonaviy yondashuv asosida loyihaga yanada optimallik bag’ishlashni maqsad qilganmiz. Ishonamizki, loyiha dunyo miqyosida nodir me’morchilik asariga aylanadi, - dedi Paolo Matteuzzi.
Ta’kidlanganidek, Alisher Navoiy ilmiy tadqiqot markazi ham an'anaviy oʻzbek naqshlari va zamonaviy dizayn tamoyillari bilan boyitilgan monumental arxitektura namunasi boʻlishi koʻzda tutilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida ixtisoslashgan maktabning oʻquv binosi yotoqxona, ilmiy tadqiqot markazi, Alisher Navoiy nomidagi muzey, xalqaro anjumanlar saroyi va konferensiyalar kompleks binolari boʻlishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi shahar aholisi va mehmonlariga yigirma toʻrt soat xizmat ko’rsatish, ularning oʻqishi va hordiq chiqarishi uchun barcha qulayliklarga ega bo’lgan maskan boʻlishi nazarda tutilmoqda.
Bu yerda piyodalar bogʻda sayr qilib, sharqdan gʻarbgacha boʻlgan masofani yayov kezishlari va goʻzal tabiat manzarasi hamda toza havodan bahra olishlari mumkin. Shuningdek, ushbu markaz madaniy tadbirlar, musiqiy chiqishlar uchun ham ajoyib maskan boʻlishi kutilmoqda.
Yuksak meʼmoriy yechim va yondashuv bilan barpo etilayotgan obyekt yil davomida qulay ichki iqlimni yaratib, mamlakatimiz meʼmorchiligida muhim obyekt sifatida oʻrin oladi.
Loyiha nafaqat betakror tashqi ko’rinishi, balki energosamaradorlik, aqlli texnologiyalar, landshaft maydonlarini rejali tashkil etish kabi yo’nalishlaridagi optimal yechimlarni o’z ichiga olgan.
Ushbu obyektni bir soʻz bilan madaniy qadriyatlar va zamonaviylikni oʻzida mujassam etgan markaz deyish mumkin.