"Yangi uy-joylar xarid qilishda "Eskrou" tizimining ahamiyati" mavzusida brifing
Endilikda uy-joy sotib oluvchilarning pullari kafolatli himoyalanadi. Gap shundaki, joriy yilning 27-yanvar kuni qabul qilingan “Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, turar va noturar joy obyektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni turar va noturar joy obyektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini yanada tartibga solishga qaratilgan aniq mexanizmlarni belgilab berdi.
Bunda avvalo, ulushli qurilish ishtirokchilari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilish, uy-joylarni va boshqa koʻchmas mulk obyektlarini hamda ipoteka krediti asosida sotib olishning ishonchli va samarali imkoniyatlari yaratilmoqda.
Endi qurilishga ulush kiritish faqat notarial tasdiqlangan va kadastr organlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Eʼtibor bering, joriy yilning 1-iyulidan boshlab quruvchilar va mijozlar oʻrtasidagi ulush kiritish shartnomalari majburiy tartibda notariusda tasdiqlanishi va kadastr roʻyxatidan oʻtkazilishi shart. Bunda shartnoma kadastr organlarida roʻyxatdan oʻtkazilganda, ulushdorda, yaʼni sotib oluvchida talab qilish huquqi vujudga keladi.
Shu sanadan eʼtiboran yangi mexanizm — “eskrou” tizimi joriy etiladi. Bu tizim ulushdor, yaʼni uy-joy sotib olish istagidagi xaridorning huquqlarini toʻliq himoyalab, toʻlov pullari ishonchli saqlanishini kafolatlaydi.
Xoʻsh, tizim qanday ishlaydi? Eskrou tizimi — bu quruvchi va xaridor oʻrtasidagi oldi-sotdining yangicha shakli. Endilikda, hali bitmagan uydan kvartira sotib olmoqchi boʻlgan fuqaro, oʻsha uyga oʻz mablagʻlarini tikish orqali ulushdorga aylanadi. Buning uchun quruvchi, yaʼni developerning oʻziga emas, bankka toʻlov qiladi. Ulushdorning toʻlagan pullari alohida eskrou hisobvaragʻida yigʻilib boriladi. Uy bitmaguncha quruvchi kompaniya bu pullardan foydalana olmaydi. Turar joyni esa oʻz mablagʻlari yoki bank krediti asosida qurib bitkazadi.
Ulushli shartnoma orqali developer koʻrsatilgan uyni qurib, oʻz vaqtida topshirish majburiyatini oladi. Bank esa ulushdorning pul mablagʻlari eskrou hisobvaragʻida yigʻilishi, xavfsiz saqlanishi, shuningdek, uy-joy qurilishini loyihaviy moliyalashtirishni amalga oshiradi va bu bilan uy-joyni oʻz vaqtida sifatli qurib, egasiga yetkazib berishni kafolatlaydi.
Eskrou tizimi doirasida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida uy-joylar qurilishi boʻyicha yagona shaffof elektron platforma yaratildi va ushbu tizim 2025-yil 1-iyuldan ishga tushiriladi. Developerlar uy-joyni shu platformada roʻyxatga qoʻymasdan, aholi mablagʻlarini ulush kiritish asosida jalb qila olmaydi.
Mazkur tizim maksimal darajada inson omilidan cheklanib, barchasi integratsiya asosida ishlab chiqilyapti. Developer obyektni platformaga kiritgach, bank tomonidan uyni oʻz vaqtida qura olish imkoniyatlari oʻrganiladi. Qurilish jarayonida ishning bajarilish grafigi nazorat qilib boriladi. Loyihaviy moliyalashtirishdan koʻzlangan maqsad ham shu.
Elektron platformada quruvchi kompaniya va obyekt haqidagi barcha maʼlumotlar, xususan, obyektning loyiha boʻyicha joylashgan aniq manzili, qavatlari, kirish yoʻlaklari, qolaversa, kompaniyaning loyihaviy hujjatlari, ijobiy ekspertiza xulosasi, qurilish boshlanadigan sana va foydalanishga topshirish muddati kabi maʼlumotlar jamlab boriladi. Bu axborotlarni xaridorlar ham platformada kuzatib borishlari mumkin. Yaʼni, quruvchi ruxsatnomasining mavjudligi, reytingi va oldingi loyihalari haqida bilib olishlari mumkin boʻladi. Qurilish jarayonlarining platforma orqali shaffof kuzatib borilishi oʻz navbatida, uy-joy qurilishi bozoridagi investitsiyalar xavfsizligi va ishonchli developerlar bozorining shakllanishiga xizmat qiladi.
Eʼtibor bering, shu asosda mamlakatimizda developer-quruvchilarning yangi shaffof reyting tizimi shakllanadi.
"Eskrou" hisobvaragʻida jamlangan mablagʻlar koʻpayishi natijasida developer tashkilotlariga loyihaviy moliyalashtirish doirasida amaldagi stavkalarga nisbatan ancha pastroq stavkada mablagʻlar ajratiladi. Bu esa eskrou tizimi joriy etilgach, yangi uy-joylarning narxi keskin oshib ketadi degan maʼlumotlarni inkor etadi.
Qurilish bitib, xaridor xonadonni qabul qilgach, uning bank hisobvaragʻidagi pullari developer tashkilotga yoʻnaltiriladi. Quruvchi oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda bu pul fuqaroga toʻliq miqdorda qaytarib beriladi. Yaʼni, uy bitmay qolsa, xaridor kuyib qolmaydi, bankka qoʻygan pullarini muammosiz qaytarib oladi.
Fuqarolarning uy-joy uchun toʻlagan pullari har tomonlama himoyalanadi. Xususan, yuqoridagi Farmon bilan eskrou hisobvaragʻiga yoʻnaltirilgan pul mablagʻlarini toʻxtatib qoʻyish yoki hisobdan chiqarish hamda majburiy ijroga qaratish taqiqlanadi.
Eʼtibor bering, xaridor shartnomani belgilangan tartibda rasmiylashtirib, kadastr organlarida ro'yxatga olinganidan soʻng fuqaro mazkur ulushni hali uy bitmay turib, mulk sifatida hadya qilishi, sotishi yoki boshqa bir shaxsga vasiyat qilib qoldirishi mumkin.
Shunday qilib, joriy yilning 1-iyulidan boshlab, ulush kiritish asosidagi qurilishlarda quruvchi va xaridor oʻrtasidagi oldi-sotdining shakli va mazmuni oʻzgaradi. Mazkur tartib yil oxirigacha ixtiyoriy boʻladi, 2026-yil 1-yanvardan esa qurilishda mablagʻlarini jalb qilish faqat eskrou hisobvaragʻi orqali amalga oshiriladi. Shu tarzda yangi qurilayotgan uylarni belgilangan muddatlarda egalariga topshirish va aholi toʻlagan pullarining muzlab qolmasligi toʻliq yangi tizim nazoratiga oʻtadi