UZ
RU
Ўзбекистон Республикаси Қурилиш ва уй-жой
коммунал хўжалиги вазирлиги
Ишонч телефони
1298
Электрон манзил
info@mc.uz
Сайт харитаси
Вазирга мурожаат

Янгиликлар

Yoshlar parlamenti hamkorligida oʻtkazilayotgan “Yoshlar arxitektura forumi” start oldi

Ayni daqiqalarda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti hamda Yoshlar parlamenti hamkorligida oʻtkazilayotgan “Yoshlar arxitektura forumi” start oldi.

Forum doirasida yosh, unib kelayotgan boʻlajak arxitektorlarga sohadagi yangi islohotlar xususan, me’morchilikning eng nozik sirlari boʻyicha atroflicha tushuncha berish, yosh-avlodning qurilish sohasini rivojlantirishga boʻlgan qiziqishini uygʻotish nazarda tutilgan.


Forum avvalida Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari Toir Alimatov so'zga chiqib, bugun yurtimizda qurilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklar xususida to'xtaldi. Jadal rivoj topib borayotgan qurilish industriyasi soha vakillari zimmasiga katta vazifalarni qo‘yayotgani, bu jarayonda tabiiyki, ilmni amaliyotga integratsiya qilish muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

Kun sayin o‘ziga xos megapolis qiyofasiga kirib borayotgan shahar va qishloqlarimiz, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari rivojida qalbi shijoatga to‘la sizdek yoshlarning fikri, yangicha qarashlari biz uchun muhim. Ana shunday paytda beixtiyor tanlagan kasbimizdan faxr-iftixor  tuyg‘usini his qilamiz. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining eshiklari sizdek g‘ayratli va izlanuvchan yoshlar uchun hamisha ochiq. Keling! O‘rganing! Yangi O‘zbekistonni sizdek navqiron yoshlar bilan birga qurishdan mamnunmiz.

Bugun zamonaviy talablar asosida qurib foydalanishga topshirilgan yangi o‘quv binosi va unda ta'lim olayotgan sizdek yoshlarni ko‘rib havas qildik. Albatta buning zamirida muhtaram Prezidentimizning yoshlarga qaratayotgan e'tibori va bu boradagi siyosiy irodasi mujassam desak ayni haqiqat bo‘ladi, - deya ta'kidladi Toir Alimatov.


Yoshlar arxitektura forumi davomida Toshkent arxitektura-qurilish universitetining talabalar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha prorektori Azamat Matyoqubov, Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligining  boshqarma va bo'lim boshliqlari ham so'zga chiqib, sohadagi ilg'or yangiliklar xususida to'xtaldilar. Vazirlikning yoshlarning soha rivoji yo'lidagi taklif va g'oyalarini qabul qilishga ochiq ekani ham alohida ta'kidlandi.

- Mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy yilning mart oyida Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida dunyodagi eng ilg‘or “aqlli” texnologiyalar va zamon talablari asosida Yangi Toshkent qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Ushbu loyiha doirasida  1 million aholimiz yashashi uchun qulay sharoit yaratilib, infratuzilma bilan ta'minlanadi.  Shuningdek, shaharsozlik norma va qoidalari ham zamonaviy talablar asosida takomiliga yetkazilmoqda. Bunday jarayonda sizdek yangicha dunyoqarash va o‘z pozitsiyasiga ega yoshlarning bilim va mahoratiga tayanamiz, - dedi Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi bo'lim boshlig'i Davron Miliyev.


Toshkent arxitektura-qurilish universiteti talabalariga vazirlikning Arxitektura va shaharsozlikni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Jahongir Anvarov sohadagi tajribasi, yaxshi mutaxassis boʻlishda e’tibor berish lozim boʻlgan jihatlar haqida soʻzlab berdi. 

- Qurilish va arxitektura sohasini chuqur oʻrganish nazariy bilimlar bilan bir qatorda, amaliyotga ham katta e’tibor qaratishni talab etadi. Chunki biz qurgan binolar odamlar uchun xavfsiz, qulay sharoit yaratishi, shu bilan birgalikda zamonaviy qiyofa kasb etishi zarur. Men ushbu tizimda ustoz-shogird an’anasiga alohida e’tibor qaratish lozim, deb hisoblayman. Zero, bizning ajdodlarimiz bunyodkorligi butun duyoga mashhur. Biz ushbu an’analarni yoʻqotmasligimiz kerak, - dedi Jahongir Anvarov.


Ochiq va samimiy ruhda kechgan forum davomida Toshkent arxitektura-qurilish universitetining talabalari shaharsozlik sohasiga oid o'zlarini qiziqtirgan savollar bilan mas'ullarga yuzlandilar.

   Xususan, talabalar uchun chet elda malaka oshirish kurslarini tashkil etish, yoshlar o'rtasida turli loyiha tanlovlarini tashkillashtirishni yana kuchaytirish, bugunga kelib xususiy sektor vakillari tomonidan qurilayotgan obyektlarda sifat nazoratining qay darajada ekani, qurilishga jalb etilayotgan energotejamkor va yengil qurilish materiallarining afzalliklari xususidagi savollar shular sirasidandir. Mas'ullar tomonidan har bir savol va takliflarga batafsil javob berildi.