Shaxslarni qabul qilish jadvali:
Vazirlikning vazifalari va funksiyalari
1. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
- shaharsozlik faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, sohada davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari bo'yicha takliflar tayyorlash, shuningdek, soha faoliyatini rivojlantirishning uzoq va o'rta muddatli dasturlarni va normativ-huquqiy hujjatlarini ishlab chiqishda, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini tayyorlashda ishtirok etish;
- normativ-huquqiy hujjatlar, shaharsozlik normalari va qoidalari hamda standartlarni ishlab chiqishni tashkil etish hamda tasdiqlashni amalga oshirish;
- shaharsozlik faoliyatining barcha bosqichlari raqamlashtirilishini taʼminlash, yuridik va jismoniy shaxslarga ko'rsatiladigan qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida davlat xizmatlarini soddalashtirish va takomillashtirib borish;
- respublika hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh sxemasini, Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish sxemalarini, aglomerasiyalarni rivojlantirish strategiyasi, shaharlar (shaharchalar) bosh rejalari va qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkil qilish, shuningdek, ularga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura nazoratini amalga oshirish;
- loyiha tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini yuritish, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qo'llaniladigan eksperimental loyihalarni va energiya tejamkor loyiha yechimlari ishlab chiqishni tashkil etish, ular faoliyatini lisenziyalash hamda shaharsozlik hujjatlarining ekspertiza qilinishini taʼminlash;
- pudrat bozorini rivojlantirish, jumladan qurilish-pudrat tashkilotlarining ayrim faoliyatlarini lisenziyalash va ulush kiritish asosida quriladigan ko'p xonadonli uylarni ro'yxatga olishni muvofiqlashtirish, qurilish va uy-joy kommunal sohasida ruxsat etish va xabardor qilish tartibini muvofiqlashtirish;
- maqsadli dasturlarga kiritilgan obʼektlarni monitoring qilish, loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari faoliyatida «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida davlat xaridlari hamda reyting tizimini yuritish;
- obʼektlar qurilishi jarayonida mualliflik, texnik va ichki nazorat olib borilishi ustidan davlat nazorati o'rnatilishini taʼminlash, shuningdek, respublika hududida qurilayotgan bino va inshootlarning seysmik xavfsizligi taʼminlanishini shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligi baholanishini taʼminlash;
- uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida yagona davlat siyosatini yuritish va tarmoqlararo muvofiqlashtirishni amalga oshirish;
- ko'p kvartirali uylarni boshqarish, shu jumladan, ko'p kvartirali uy-joy fondini mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini, eski va avariya holatidagi uy-joylar buzilishini tashkil etishni muvofiqlashtirish hamda renovasiya dasturlarini shakllantirish;
- hududlarni obodonlashtirish sohasi muammolarini o'rganish va metodologik taʼminlash;
- ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, rivojlantirish, davlat nazoratini taʼminlash, sohada xizmat ko'rsatuvchilar faoliyatini muvofiqlashtirish;
- issiqlik taʼminoti sohasini kompleks rivojlantirish, yagona texnik va tarif siyosatini yuritish;
- uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida (uy-joy fondi, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari hamda issiqlik taʼminoti) davlat byudjeti, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag'lari hamda davlat-xususiy sheriklik hisobidan investisiya loyihalarini amalga oshirish;
- qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida kadrlarni mahalliy va xorijiy yetakchi taʼlim muassasalarida tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va kompetensiyasini baholash ishlarini tashkil etish hamda sertifikatlash jarayonlarini muvofiqlashtirish.
2. Vazirlik o'ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) shaharsozlik faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, sohada davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari bo'yicha takliflar tayyorlash, shuningdek, soha faoliyatini rivojlantirishning uzoq va o'rta muddatli dasturlarni va normativ-huquqiy hujjatlarini ishlab chiqishda, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini tayyorlashda ishtirok etish sohasida:
- soha faoliyatida uzoq muddatli strategiyalarni belgilaydi;
- shaharsozlik sohasida natijadorlikni taʼminlash, resurslarni hisobga olish va boshqarish tizimini takomillashtirish, obʼektlarni loyihalash, qurish va foydalanishni raqamlashtirish borasida ilmiy yechimlarni ishlab chiqadi;
- yuridik va jismoniy shaxslarga shaharsozlik faoliyati sohasida byurokratik to'siqlarni bartaraf etishga qaratilgan zarur choralar ko'radi;
- qurilish sohasida ilg'or texnologiyalar va innovasiyalarni joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
- sohani rivojlantirishga qaratilgan uzoq va o'rta muddatli dasturlar, yo'l xaritalari, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va takliflar kiritadi;
- hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish dasturlaridagi obʼektlarni loyihalashdan boshlab ularni foydalanishga topshirishgacha bo'lgan bosqichlarda energiya samaradorlikka erishishni taʼminlashga qaratilgan choralar ko'radi;
- O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq infratuzilmani rivojlantirish loyihalari yuzasidan buyurtmachi xizmatlari faoliyatining amalga oshirilishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
b) normativ-huquqiy hujjatlar, shaharsozlik normalari va qoidalari hamda standartlarni ishlab chiqishni tashkil etish hamda tasdiqlashni amalga oshirish sohasida:
- o'z vakolatlari doirasida shaharsozlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, shaharsozlik normalari va qoidalari loyihalari ishlab chiqilishini tashkil etadi hamda tasdiqlaydi;
- shaharsozlik normalari va qoidalarida innovasion texnologiyalarni joriy qilishdagi muammolarni o'rganib boradi;
- qurilish sohasidagi xalqaro normalar, qoidalar va standartlarni o'rganish va tahlil qilish asosida milliy normativ hujjatlarni ular bilan uyg'unlashtirib boradi;
- binolar, inshootlar va ularning alohida elementlariga bo'lgan xavfsizlik talablari, shuningdek, bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi;
- seysmik xavfsizlik taʼminlash borasida shaharsozlik normalari va qoidalarini xorijiy mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda muntazam ravishda takomillashtiradi;
- xorijiy va xalqaro tashkilotlar, konsultantlar va mutaxassislar bilan hamkorlik qilish hamda ularni milliy normativ hujjatlar bazasini takomillashtirishga jalb qiladi;
- shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqilishi bo'yicha belgilangan tartibda buyurtmachi bo'ladi;
- shaharsozlik normalari va qoidalarining davlat fondini shakllantirishda ishtirok etadi;
- shaharsozlikda ilmiy-texnika taraqqiyoti muammolarini maqbul tarzda hal etish uchun ilmiy-texnika va texnik kengashlar faoliyatini tashkil etadi;
- qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish materiallarini olib kelish, ishlab chiqarish va realizasiya qilishda muvofiqlikni baholash sohasida davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshiradi;
- texnik reglamentlarning ishlab chiqilishini taʼminlash, ularga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish, shuningdek mazkur reglamentlarni bekor qilish bo'yicha takliflar tayyorlash;
v) shaharsozlik faoliyatining barcha bosqichlari raqamlashtirilishini taʼminlash, yuridik va jismoniy shaxslarga ko'rsatiladigan qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida davlat xizmatlarini soddalashtirish va takomillashtirib borish sohasida:
- obʼektlar qurilish jarayonini elektron monitoring qilishni yo'lga qo'yadi va takomillashtirib boradi;
- qurilish sohasiga axborot tizimlarini joriy etish ishlarini takomillashtirish orqali inson omilini kamaytirish, byurokratik to'siqlar va tizimli muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
- qurilish sohasiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish bo'yicha dasturlar ishlab chiqilishini tashkil etadi va ijro etilishini monitoring qiladi;
- qurilish sohasiga axborot tizimlarini joriy etishda masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi va hamkorligini taʼminlaydi;
- joriy etilayotgan axborot tizimlarining joylarda samarali ishlashi va qo'llanilishining yagona amaliyotini taʼminlaydi;
- sohada ko'rsatilayotgan davlat xizmatlarini rivojlantirish va soddalashtirish bo'yicha takliflar kiritib boradi;
- hududiy bo'linmalar faoliyatini tahlil qiladi, ular tomonidan amalga oshiriladigan davlat xizmatlarini takomillashtirib boradi;
g) respublika hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh sxemasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish sxemalari, aglomerasiyalarni rivojlantirish strategiyasi, shaharlar (shaharchalar) bosh rejalari va qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkil qilish, shuningdek, ularga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura nazoratini amalga oshirish sohasida:
- respublika hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh sxemasini, Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish sxemalarini va aglomerasiyalarni rivojlantirish strategiyasini vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqishni tashkil etadi;
- shaharlarning, shaharchalarning bosh rejalari hamda Toshkent shahrining markaziy qismlari va viloyatlarning maʼmuriy markazlari, shuningdek, madaniy meros obʼektlariga ega bo'lgan shaharlarni batafsil rejalashtirish loyihalarini tasdiqlaydi (tasdiqlanishi Vazirlar Mahkamasining va boshqa tashkilotlarning vakolatlari jumlasiga kiritilgan shaharsozlik hujjatlari bundan mustasno);
- qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalarini ishlab chiqishni va tasdiqlashni tashkil qiladi;
- shaharsozlik sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari, aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo'yicha buyurtmachi funksiyalarini bajaradi;
- umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik obʼektlari uchun chegaralar belgilash haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
- davlat shaharsozlik kadastrini yuritadi, aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan davlat-arxitektura nazoratini olib boradi;
- aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlariga Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan amal qilishi yuzasidan davlat-arxitektura nazoratini amalga oshiradi hamda qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda, aybdor shaxslarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli choralari qo'llash bo'yicha taklif kiritadi;
- mahalliy davlat hokimiyati organlariga va maxsus vakolatli davlat organlarining hududiy bo'linmalariga shaharsozlik to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzgan holda qabul qilingan qarorlarni bekor qilish haqida taqdimnomalar kiritish;
- shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishga doir lisenziyalarning va ruxsat beruvchi hujjatlarning amal qilishini to'xtatib turish, tugatish yoki ularni bekor qilish hamda o'zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni bartaraf etish to'g'risidagi masalani hal etish uchun tegishli davlat organlari va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborish;
- aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlariga amal qilinishi yuzasidan monitoring yuritadi;
- shaharsozlik to'g'risidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga oid maʼmuriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarni ko'rib chiqadi;
- aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlaridan barcha foydalanishini taʼminlash uchun vazirlik saytida ularning ochiq grafik qismini eʼlon qilib borilishini taʼminlaydi;
d) loyiha tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularning ayrim faoliyat turlarini lisenziyalash hamda monitoringini yuritish, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qo'llaniladigan eksperimental loyihalarni va energiya tejamkor loyiha yechimlari ishlab chiqishni tashkil etish hamda shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilinishini taʼminlash sohasida:
- loyiha tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi va monitoringini yuritadi, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qo'llaniladigan eksperimental loyihalar va energiya tejamkor loyiha yechimlarini ishlab chiqishni tashkil etadi;
- qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shaharsozlik faoliyatining ayrim faoliyat turlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda lisenziyalar beradi;
- lisenziyalar reestrining doimiy yuritilishi va unga tegishli o'zgartirishlar kiritishni amalga oshiradi;
- o'z vakolatlari doirasida lisenziya talablari va shartlariga rioya qilinishini nazorat qiladi;
- belgilangan tartibda lisenziya va akkreditasiya talablariga rioya qilmagan loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari lisenziya va akkreditasiya guvohnomalari amal qilishini to'xtatadi va bekor qiladi;
- lisenziatlar tomonidan lisenziya talablari va shartlari bajarilishi to'g'risidagi axborot bilan to'ldirib boriladigan markazlashtirilgan reestrni (bazasini) yuritadi;
- yuridik shaxslarni shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o'tkazish yuzasidan akkreditasiyadan o'tkazadi;
- shaharsozlik hujjatlari, bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash, modernizasiya qilish, qayta jihozlash bo'yicha ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o'tkazadi;
e) pudrat bozorini rivojlantirish, jumladan qurilish-pudrat tashkilotlarining ayrim faoliyat turlarini lisenziyalash va ulush kiritish asosida quriladigan ko'p xonadonli uylarni ro'yxatga olishni muvofiqlashtirish, ishlab chiqariladigan qurilish materiallari bazalarini shakllantirish sohasida:
- qurilish materiallari, konstruksiyalari va buyumlari hamda qurilish-pudrat tashkilotlari to'g'risidagi maʼlumotlarning axborot bazasini shakllantiradi;
- qurilish-pudrat tashkilotlarining ayrim faoliyat turlari uchun lisenziyalar beradi;
- energiya samarador qurilish materiallari, konstruksiyalari va buyumlarini qo'llash bo'yicha takliflar kiritadi;
- ulush kiritish asosida uy-joy quruvchilarni elektron ro'yxatga kiritadi va shartnomalarni hisobga qo'yadi va mazkur faoliyatni takomillashtirish choralarini ko'radi;
j) maqsadli dasturlarga kiritilgan obʼektlarni monitoring qilish, loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari faoliyatida «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida davlat xaridlari hamda reyting tizimini yuritish sohasida:
- maqsadli dasturlarga kiritilgan obʼektlarni yer maydonlari ajratilishidan boshlab, «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida tanlov savdolari (tender) o'tkazilishi, loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi, ekspertizadan o'tkazilishi, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun obʼektni ro'yxatdan o'tkazilishi va qurib bitkazilgan obʼektlarni foydalanishga ruxsat berishgacha bo'lgan jarayonlar monitoringini yuritadi;
- qurilish-pudrat, loyiha-qidiruv tashkilotlari hamda qurilish bilan bog'liq klasterlarning elektron reytingi tizimini shakllantiradi va yuritadi;
- reyting mezon talablarini sohani bosqichma-bosqich rivojlantirish asosida belgilab, undagi qatnashchilarni xalqaro bozorga chiqarish maqsadida, reyting talablari asosida ularni tayyorlaydi;
- reyting tizimini qurilish obʼektlari hamda qurilish-montaj ishlarining ixtisosligidan kelib chiqqan holda sohaviy shakllanishini hamda metodologik taʼminlaydi;
- reytingga kirgan tashkilotlarning soni va turi statistikasini yuritadi;
- reyting mezonlarini belgilashda ishtirok etadi, ularni elektron, inson omilisiz hamda integrasiya yo'li bilan avtomatik ravishda olinishini taʼminlaydi;
- qurilish sohasidagi «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida inson omilisiz elektron tanlov savdolari (tender) tizimi yuritilishini taʼminlaydi, uning shartlarini belgilaydi hamda tizimni ishlash amaliyotidan kelib chiqqan holda takomillashtirib boradi;
- autsorsing xizmatini ko'rsatuvchi buyurtmachi tashkilotlarining bozori shakllangandan keyin ularning reytingini shakllantiradi, ularni davlat xaridlari uchun jalb etish bo'yicha inson omilisiz elektron tanlov savdolari (tender) tizimini yaratadi va rivojlantirish yuzasidan takliflar kiritadi;
z) obʼektlar qurilishi jarayonida mualliflik, texnik va ichki nazorat olib borilishi ustidan davlat nazorati o'rnatilishini taʼminlash, shuningdek, respublika hududida qurilayotgan bino va inshootlarning seysmik xavfsizligi taʼminlanishini shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiqligini baholash sohasida:
- buyurtmachining texnik, loyiha tashkilotining mualliflik va qurilish-pudrat tashkilotining ichki nazorat tizimining sifatli olib borilishini nazorat qilinishini taʼminlash;
- obʼektlarda bajariladigan qurilish-montaj ishlarining shaharsozlik to'g'risidagi qonunchilik hujjatlari va shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishi bo'yicha davlat nazorati amalga oshirilishini taʼminlaydi va muvofiqlashtiradi;
- shaharsozlik to'g'risidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga oid maʼmuriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarni ko'rib chiqadi;
- shaharsozlikka oid qonunchilik, shaharsozlik normalari va qoidalarini takomillashtirishga doir takliflar kiritadi;
- qurilishi tugallangan obʼektlarni foydalanishga qabul qilish ishlarida ishtirok etadi;
- qurilayotgan bino va inshootlarning seysmik xavfsizligi taʼminlanishini shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiqligi baholanishini va nazorat qilinishini taʼminlaydi;
- elektron texnik pasportlar asosida bino va inshootlarni seysmik jihatdan zaifligi bo'yicha tasniflashda, shuningdek, bino va inshootlarning instrumental-texnik tekshiruvi hamda ularning zilzilabardoshligini oshirishda ishtirok etadi;
- seysmik faol zonalarda qurilishi rejalashtirilayotgan barcha turdagi bino va inshootlarning, shuningdek, ko'p qavatli turar joylarning seysmik jihatdan zaifligini baholash uchun zarur bo'lgan axborotni o'z ichiga oladigan elektron texnik pasportlarni shakllantiradi;
- qurilayotgan bino va inshootlarning zilzilabardoshligini taʼminlash, shuningdek, mavjud bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish uchun zarur choralar ko'rish bo'yicha takliflar va tavsiyalar tayyorlaydi;
i) uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida yagona davlat siyosatini yuritish va tarmoqlararo muvofiqlashtirishni amalga oshirish sohasida:
- jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joy kommunal xizmatlarga bo'lgan talabini o'rganishni tashkil qiladi, isteʼmol ehtiyojlari, uy-joy kommunal xo'jaligini rivojlantirish istiqbollarini inobatga oladigan ijtimoiy-iqtisodiy prognozlarni tuzadi;
- uy-joy kommunal xo'jaligi sohasini rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini belgilaydi va shu asosda tarmoq va tarmoqlararo hamkorlikni shakllantiradi;
- isteʼmolchilarni uy-joy kommunal xizmatlar bilan taʼminlash darajasini oshirish, energiya tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish hisobga olinib, ularning sifatini yaxshilashga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
- ko'p kvartirali uy-joy fondi hamda issiqlik taʼminoti sohasida qurilish, rekonstruksiya, kapital taʼmirlash va modernizasiya qilishga doir dasturlar, shuningdek, hududlarning kommunal infratuzilmasini yanada rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqadi;
- Vazirlik tizimidagi tashkilotlarning aholi, ijtimoiy soha obʼektlari va iqtisodiyot tarmoqlariga uy-joy kommunal xo'jaligi barqarorligini taʼminlashga doir ishlarini tashkil etadi;
- Vazirlik tizimidagi uy-joy kommunal xo'jaligi sohasi obʼektlarining barqaror faoliyatini, respublika hududida uy-joy kommunal xo'jaligiga oid normativ talablarga rioya etilishini taʼminlaydi;
- mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan ko'p kvartirali uylarning saqlanishini taʼminlash, uy-joy kommunal xo'jaligi obʼektlarining barqaror ishlashi, shuningdek, uy-joy kommunal xo'jaligi sohasini rivojlantirish istiqbollari masalasi yuzasidan o'zaro hamkorlik qiladi;
- Vazirlik tizimidagi issiqlik taʼminoti tashkilotlari faoliyati samaradorligining iqtisodiy normativlarini (ko'rsatkichlarini) tasdiqlaydi, yagona iqtisodiy, texnikaviy va hisobdorlik siyosatini yuritadi, tashkilotlar ishlari samaradorligini atroflicha tahlil qilish jarayoniga metodologik rahbarlik qiladi;
- mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorlikda uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida xo'jalik mexanizmi va boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish, uy-joy kommunal xo'jaligi tashkilotlari faoliyatini yaxshilash bo'yicha iqtisodiy vositalar va rag'batlantirish taʼsirini kuchaytirish hamda aholiga xo'jaligi madaniyatini oshirish choralarini ko'radi;
- respublika aholisini uy-joy kommunal xo'jaligi tashkilotlari faoliyati to'g'risida muntazam xabardor qiladi, jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning Vazirlik vakolatiga kiritilgan masalalarga taalluqli murojaatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda ko'rib chiqadi va zarur choralar ko'radi, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, ularning murojaatlari bilan bog'liq ishlar holatini tahlil qiladi;
k) ko'p kvartirali uylarni boshqarish, shu jumladan, ko'p kvartirali uy-joy fondini mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini, eski va avariya holatidagi uy-joylar buzilishini tashkil etishni muvofiqlashtirish hamda renovasiya dasturlarini shakllantirish sohasida:
- ko'p kvartirali uylarni boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini olib boradi;
- ko'p kvartirali uy-joy fondini saqlash va ulardan foydalanish tizimini kompleks rivojlantirish va takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqadi;
- uy-joy kommunal xo'jaligi sohasini boshqarish borasida ko'p kvartirali uy-joy fondidan foydalanish va ularga xizmat ko'rsatish bozorini rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqadi;
- ko'p kvartirali uylardan va ko'p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalaridan foydalanish hamda ularni saqlash bo'yicha tizimli ishlarni samarali tashkil qilishda ishtirok etadi;
- ko'p kvartirali uylarning texnik holati monitoringini o'tkazish bo'yicha ishlarni tashkil etadi;
- ko'p kvartirali uylarni boshqarish organlari reestrini shakllantiradi va yuritadi;
- ko'p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallari yoki to'lovlari miqdorini belgilashda xarajatlarning tarkibini aniqlash tartibini tasdiqlaydi;
- ko'p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallari yoki to'lovlarining eng kam miqdorini belgilaydi;
- ko'p kvartirali uylarni boshqarish sohasida tizimli monitoringning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
- ko'p kvartirali uylarni mavsumiy foydalanishga o'z vaqtida va sifatli tayyorlanishini tashkil qilishda ishtirok etadi;
- novatorlik faoliyati va zamonaviy innovasion texnologiyalarni joriy etishga ko'maklashadi;
- ko'p kvartirali uylarni boshqarish organlarining hisobi va ularning faoliyati bo'yicha hisobotlarni yuritish uchun axborot tizimlari hamda axborot resurslarini joriy etadi;
- ko'p kvartirali uylarni boshqarish organlarining ko'p kvartirali uylardagi joylar mulkdorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari bilan bog'liq faoliyati to'g'risidagi axborotni, shuningdek, ko'p kvartirali uylarni boshqarish organlarining reestrini vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiradi va yangilab turadi;
- ko'p kvartirali uylarni boshqarish bo'yicha axborot va maslahat yordami ko'rsatadi;
- ko'p kvartirali uylarni boshqarish organlarining faoliyatiga huquqiy hamda uslubiy jihatdan ko'maklashadi;
- uy-joy kommunal xo'jaligi sohasidagi yagona billing tizimini yuritadi;
- rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg'or tajribasini inobatga olgan holda ko'p kvartirali uylarni boshqarishning zamonaviy shakllari va usullarini ishlab chiqadi;
- boshqarish organlarining mansabdor shaxslari va boshqaruvchilari hamda mutaxassislarini malakasini oshirishni tashkil etadi hamda ularga malaka sertifikatini beradi;
- ko'p kvartirali uylarni boshqarish organlari reytingini yuritadi;
- ko'p kvartirali uy-joy fondini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash bo'yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va bu boradagi ishlarni amalga oshirishga doir manzilli ro'yxatlarni tasdiqlaydi;
- ko'p kvartirali uy-joy fondini taʼmirlash, obodonlashtirish va undan foydalanish sharoitlarini yaxshilash bo'yicha dasturlarni amalga oshirish doirasida jalb qilingan buyurtmachilar, loyiha va pudrat tashkilotlari ishlarini muvofiqlashtiradi hamda monitoringini yuritadi;
- ko'p kvartirali uyda energiyani tejash va energetika samaradorligini oshirish bo'yicha tadbirlarni belgilaydi;
- ko'p kvartirali uylarni rekonstruksiya qilish, ulardan foydalanish, saqlash va taʼmirlash, ularning texnik va foydalanish holatini yaxshilash masalasida joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatiga ko'maklashadi;
- ko'p kvartirali uy-joy fondining eskirish va avariya holati monitoringini yuritadi va ular asosida renovasiya dasturlarini ishlab chiqadi;
l) hududlarni obodonlashtirish sohasi muammolarini o'rganish va metodologik taʼminlash sohasida:
- aholi punktlari hududlarini obodonlashtirish sohasida normativ-huquqiy baza, standartlar, shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqadi va yangilaydi;
- obodonlashtirish sohasida davlat mablag'laridan foydalanish samaradorligi va ko'rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy qilish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi;
- obodonlashtirish sohasiga yo'naltirilgan innovasion yechimlarni joriy qiladi;
- obodonlashtirish sohasi xodimlariga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularni moddiy rag'batlantirish va ijtimoiy muhofaza qilish darajasini oshirish bo'yicha takliflarni tayyorlaydi;
m) ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, rivojlantirish, davlat nazoratini taʼminlash, sohada xizmat ko'rsatuvchilar faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:
- ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi dasturlar, strategiyalar hamda konsepsiyalarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
- aholining ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo'yicha xizmatlar bilan qamrab olinishini monitoring qiladi;
- aholi punktlarini ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo'yicha xizmatlar bilan taʼminlash uchun davlat ijtimoiy buyurtmalarini beradi;
- ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo'yicha xizmatlar ko'rsatilishida xususiy sektorning ishtirokini kengaytirish, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida kengaytirish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi;
- ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
- ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi tarif siyosatini shakllantirishga ko'maklashadi;
- O'zbekiston Respublikasidagi ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlarini rivojlantirishning bosh sxemasi ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
- ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni tashkil etadi hamda muvofiqlashtiradi;
- ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida xodimlarga bo'lgan ehtiyojni tahlil qiladi hamda ularni tayyorlashda ishtirok etadi;
- davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida faoliyat yuritayotgan ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlari reestrini yuritadi va uni o'zining rasmiy veb-saytida joylashtiradi, ular faoliyati samaradorligining asosiy mezonlarini belgilaydi va baholaydi;
- ichimlik suvi va oqova suvlarni tozalash inshootlarini texnologik auditdan o'tkazish hamda suvni tejash bo'yicha zarur choralarni belgilashda ishtirok etadi;
- ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlari uchun suvning texnologik jihatdan sarflanishini va yo'qotilishini hisob-kitob qilish tartibi, shuningdek, ularning yo'l qo'yiladigan normalarini (limitlarini) belgilaydi;
- davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida faoliyat yuritayotgan ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlari tomonidan ijro etilishi majburiy bo'lgan hujjatlarni o'z vakolatlari doirasida qabul qiladi;
- ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish obʼektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishga doir aniq yo'naltirilgan dasturlarni shakllantirishda ishtirok etadi;
- xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshiriladigan ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi loyihalar bo'yicha loyihaoldi hamda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kelishib olish va tasdiqlash choralarini ko'radi, shuningdek, loyihalarni moliyalashtirishni amalga oshiradi;
- davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida faoliyat yuritayotgan ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv chiqarish sohasidagi ekspluatasiya va xo'jaligini kengaytirish faoliyatini muvofiqlashtiradi;
- ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida davlat nazoratini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
n) issiqlik taʼminoti sohasini kompleks rivojlantirish, yagona texnik va tarif siyosatini yuritish sohasida:
- issiqlik taʼminoti sohasidagi dasturlar, strategiyalar hamda konsepsiyalarni ishlab chiqadi va monitoringini yuritadi;
- issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va texnologik jarayonlar samaradorligini oshirish, belgilangan talablarga muvofiq uning sifatini taʼminlash, ishlab chiqarish jarayoniga energiya va suvni tejaydigan texnologiya hamda uskunalarni joriy qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilaydi;
- respublika hududida issiqlik taʼminoti obʼektlarini loyihalashtirish, qurish, modernizasiya va rekonstruksiya qilishda yagona siyosat yuritadi;
- issiqlik taʼminoti obʼektlari qurilishi bo'yicha buyurtmachi funksiyalarining bajarilishini tashkil etadi;
- issiqlik taʼminoti obʼektlarini o'z vaqtida ishga tushirish bo'yicha manzilli dasturlar ishlab chiqadi, kelishadi va tasdiqlaydi;
- issiqlik taʼminoti sohasida yagona tarif siyosatini yuritadi;
- issiqlik taʼminoti tashkilotlari reestrini yuritadi va uni o'zining rasmiy veb-saytida joylashtiradi, ular faoliyati samaradorligining asosiy mezonlarini belgilaydi va baholaydi;
- issiqlik taʼminoti korxonalarini energo auditdan o'tkazishni tashkil etadi;
- issiqlik taʼminoti tizimida issiqlik energiyasining sarflanishi va yo'qotilishini hisob-kitob qilish tartibini, shuningdek, ularning yo'l qo'yiladigan normalarini (limitlarini) belgilaydi;
- issiqlik taʼminoti sohasidagi loyihalarning ro'yobga chiqarilishi monitoringini mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari bilan hamkorlikda amalga oshiradi;
- yangi quriladigan ko'p kvartirali uylar, ijtimoiy soha va boshqa obʼektlarni sifatli va uzluksiz issiqlik energiyasi bilan taʼminlash yuzasidan takliflar kiritadi;
- issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, yetkazib berish va isteʼmol qilish talablarini o'z ichiga olgan issiqlik taʼminoti tizimida standartlashtirish va metrologiya bo'yicha yagona siyosatni amalga oshiradi, bunda barcha turdagi energiya sarfini hisoblash zamonaviy o'lchov vositalarini o'rganish, joriy etish va ulardan foydalanish bo'yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
o) uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida (uy-joy fondi, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari hamda issiqlik taʼminoti) davlat byudjeti, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag'lari hamda davlat-xususiy sheriklik hisobidan investisiya loyihalarini amalga oshirish sohasida:
Vazirlikka yuklangan vazifalar doirasida investisiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtiradi;
Davlat byudjeti mablag'lari va chet el investisiyalarini jalb etish uchun masʼul vakolatli davlat organlari bilan o'zaro hamkorlik qiladi;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hamda donor mamlakatlar bilan ularni uy-joy kommunal xo'jaligi sohasiga oid investisiya loyihalarini amalga oshirishga jalb qilish bo'yicha istiqbolli va joriy hamkorlik takliflarini o'rganadi, umumlashtiradi va dasturlarni tayyorlaydi;
investisiya loyihalarining loyiha-smeta hujjatlari, texnik-iqtisodiy asoslar va boshqa loyihalarga oid hisob-kitoblarni xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari kreditlarini jalb etgan holda, o'z vaqtida ishlab chiqilishi bo'yicha choralar ko'radi;
davlat-xususiy sheriklikni joriy etish va rivojlantirish bo'yicha hamda sohaga xususiy sektorni jalb qilish bo'yicha takliflar ishlab chiqadi;
uy-joy kommunal xo'jaligi sohasini rivojlantirish uchun taqdim etiladigan xalqaro va xorijiy hukumat moliya institutlarining texnik ko'mak (grant) mablag'laridan foydalanishning ustuvor yo'nalishlarini belgilaydi;
O'zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan qonunchilikda belgilangan holatlarda xorijiy investorlar bilan investisiya shartnomalari tuzadi;
p) qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida xodimlarni mahalliy va xorijiy yetakchi taʼlim muassasalarida tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va kompetensiyasini baholash ishlarini tashkil etish hamda sertifikatlash jarayonlarini muvofiqlashtirish sohasida:
ilg'or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasiga oid tegishli yo'nalishlarda xodimlarni maqsadli tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etadi hamda o'quv jarayonlari uchun yangi malaka talablari, o'quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo'yicha tarmoq kengashi faoliyatini yuritadi;
qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, malakani baholash va sertifikatlash ishlarini amalga oshiradi;
raqamli texnologiyalar asosida mutaxassislar to'g'risidagi tahliliy maʼlumotlar hamda sertifikatlangan mutaxassislar reestrini yuritadi;
qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasiga tegishli bo'lgan kasblar bo'yicha kasbiy standartlarni ishlab chiqish va joriy etish bo'yicha faoliyatni amalga oshiradi;
malakani baholash va sertifikatlash ishlariga mahalliy hamda xorijiy ekspertlarni keng jalb etadi;
soha mutaxassislari va taʼlim oluvchilarni nufuzli mahalliy hamda xorijiy tashkilotlarda stajirovka va amaliyotini tashkil etishda ko'maklashadi;
sohadagi yosh xodimlarning bilimi, iqtidorini yanada oshirish uchun ilmiy-amaliy konferensiya va ko'rik tanlovlar o'tkazadi;
vazirlik va idoralar bilan tegishli vazifa hamda topshiriqlarni o'zaro hamkorlikda amalga oshirishni tashkil etadi.
3. Vazirlik o'ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek, uning tizimiga kiradigan tarkibiy va hududiy bo'linmalar orqali hal etadi.