UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

E'lonlar

21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni

 

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

  Sizlarni ulug‘ ayyom – O‘zbek tili bayrami hamda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Bilamizki, milliy til xalqimizning tarixi va o‘zligini, ruhiy-ma’naviy dunyosini o‘zida aks ettiradigan tengsiz boyligimizdir. Tarix guvoh, eng og‘ir va sinovli davrlarda ham ona tilimiz bizni yagona xalq sifatida birlashtirib, azaliy qadriyatlarimizni shu kungacha saqlab kelayotir.

  Barchamizga ma’lumki, keyingi yillarda yurtimizda davlat tilini rivojlantirish, uning nufuzi va mavqeyini oshirish, xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

  Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yil 21-oktabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmon hamda 2020-yilning 10-aprel kuni “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Shundan buyon 21-oktabr O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanmoqda.

  Shu ma’noda “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi” DM va uning hududiy boshqarmalarida ham davlat tilida ish yuritish va o‘zbek tiliga yuksak hurmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tashkilotimizdan chiqadigan xatlar va boshqa hujjatlar, ijtomoiy tarmoqlardagi sahifalarda e’lon qilinadigan materiallarda ona tili qoidalariga qat’iy amal qilinishiga intilamiz.

  Shuningdek, har yili Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida bir guruh xodimlarimiz o‘z bilimlarini oshirmoqda. Quvonarli tomoni, o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan vatandoshlarimiz uchun ushbu markaz va uning hududiy bo‘limlarida bepul o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgan.

  Bundan tashqari “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda o‘zbek tilidagi matnlarni tahrir qilish, ularni lotin va kirill yozuviga o‘girish va so‘zlarning lug‘aviy ma’nosini ko‘rsatishga mo‘ljallangan elektron dasturlardan foydalanish mavzusida taqdimotlar tashkil etilyapdi.    

  Shu o‘rinda bag‘rikeng diyorimizda ahil-inoq yashab kelayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining tili, an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylash bo‘yicha ham muhim ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash lozim. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda respublikamiz maktablarida ta’lim-tarbiya jarayoni yetti tilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 160 ga yaqin milliy madaniy markaz hamda qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillaridagi ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda. 

  Bu ham mamlakatimizda millatlararo totuvlikni mustahkamlash, xalqlar do‘stligini ta’minlash borasida olib borilayotgan davlat siyosatining yuqori darajada ekanidan dalolat. O‘ylaymanki, davlat tili faqatgina soha mutaxassislarining emas, balki butun xalqimizning birgalikdagi sa’y-harakatlari, aql-zakovati, ma’naviy-ma’rifiy salohiyati, vatanparvarlik fazilatlari bilan ravnaq topadi.

  Qolaversa, yurtimizda “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunni hayotimizga izchil tatbiq qilishda barchamiz yuksak madaniyat va hamjihatlikni namoyon etmog‘imiz lozim.

 

Hurmatli vatandoshlar!

Sizlarni yana bir bor O‘zbek tili bayrami bilan tabriklab, barchangizga mustahkam salomatlik, yurtimizga tinchlik va omonlik tilayman. Ona tilimizning so‘nmas ziyosi qalblarimizni hamisha yoritib tursin!

 

                                       Mirabbos Inoyatov

“Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza

qilish Respublika markazi” DM direktori