UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

Korrupsiyaga qarshi kurash borasida olib borilayotgan targ'ibot ishlari

9-dekabr – "Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni" munosabati

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi barcha OAV vakillari, bloger, jamoat faollari, shuningdek, shaharsozlik va kommunal sohada faoliyat yurituvchi turli tashkilot vakillari  uchun oʻz eshiklarini ochdi.

9-dekabr – "Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni" munosabati bilan o'tkazilayotgan tadbirda vazirlik tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xatarlarning oldini olish va bartaraf etish, sohada zamonaviy aksilkorrupsiyaviy tizimlarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berilmoqda.

Tadbir davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlandi.

Vazir o’rinbosari Toir Alimatov so’zga chiqib, sohada shaffoflik va oshkoralik asosiy tamoyillar ekanligini ta’kidladi:

- Vazirlikda shaffoflik prinsiplari bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, har bir yo‘nalish bo‘yicha natijalari rasmiy veb-sayt, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar, media resurslar va ommaviy axborot vositalari yordamida keng jamoatchilikka muntazam ravishda yetkazib borilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida inson omilini kamaytirish va vazirlik faoliyati bo‘yicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ishlarini olib bormoqdamiz,- dedi T.Alimatov.


Vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi va uning hududiy ichki nazorat tuzilmalari tomonidan joriy yilning o’tgan davri mobaynida 95 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 46 ta murojaatdan 2 tasi bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, to‘plangan hujjatlar tegishli tartibda vakolatli tashkilotlarga yuborilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan korrupsiya hamda manfaatlar to‘qnashuvi holatlari haqida tezkor xabar berish tizimini tashkil etish uchun aloqa kanallari  imkoniyatini kengaytirish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida telegram boti, ishonch telefoni, rasmiy veb sayt va elektron pochta orqali murojaat qilish imkoniyatlari yaratilgan.

Joriy yilning 11 oyi davomida “O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, uning hududiy va tarkibiy bo‘linmalarida kontragentlarni tekshirishga oid Yo‘riqnoma” talablariga asosan vazirlik markaziy apparatida tuzilgan jami 210 ta xo‘jalik shartnomalari tahlil qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar yuzasidan kontragentlar doimiy ravishda o‘rganib kelinmoqda.

Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT TDning "O‘zbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali Korrupsiyaga qarshi kurashish" loyihasi bilan birgalikda ISO 37001:2016 Korrupsiyaga qarshi standartidan kelib chiqib, “Qurilish sohasida” sertifikat olingan.​