UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

Yangiliklar

Aholi haqqiga xiyonat kechirilmaydi!

Koʼp kvartirali uylarga xizmat koʼrsatuvchi boshqaruv tashkilotlari, u xoh shirkat yoxud boshqaruv servis kompaniyasi, xoh oʼz-oʼziga xizmat koʼrsatuvchi tashkilot boʼlsin mulkdorlar va davlat oldidagi masʼuliyatini his qilishi shart. Zero, fuqarolarning huquq va manfaatlariga daxl qilganlik uchun jazo muqarrar!

Kommunal soha, xususan, koʼp kvartirali uylarga xizmat koʼrsatish sohasida amalga oshirilayotgan keng islohotlar, hukumat tomonidan berilayotgan qator imtiyoz-imkoniyatlarga qaramay, baʼzi boshqaruv tashkilotlari tomonidan qonunbuzilish holatlari hamon kuzatilmoqda. “Oʼrgangan koʼngil oʼrtanmay qolmas”, deganlaridek, ayrim koʼp xonadonli uylarni boshqaruvchilar tomonidan qayta-qayta yoʼl qoʼyilayotgan qonunbuzilish holatlari tizimni rivojlantirish yoʼlidagi ishlarning borishini qiyinlashtirmoqda. 

 Eslatib oʼtamiz! Sohadagi oʼzgarishlarning birlamchi maqsadi aniq! U ham boʼlsa aholining qulay va xavfsiz sharoitlarda yashashini taʼminlash. Shu bois bu yoʼldagi har qanday noqonuniy xatti-harakatga albatta chek qoʼyiladi. Aholining majburiy badal tushumlarini ”Mening uyim” billing tizimidan oʻtkazmay,  noqonuniy ravishda talon-taroj qilganlik uchun javobgarlikdan hech kim holi boʼla olmaydi

 Qurilish va uy-joy kommunal xoʼjaligi vazirligi tomonidan aholi murojaatlariga asosan oʼrganish ishlari olib borilganda Uchtepa tumanida faoliyat yuritgan boshqaruv tashkiloti rahbari O.O. aholi mablagʼlarini bank hisob raqami orqali kirim qilmasdan, noqonuniy oʼzlashtirgani va 247 mln soʼmga yaqin mablagʼni talon-taroj qilganligi, shuningdek, Yangihayot tumanida faoliyat yuritgan boshqaruv tashkilotlaridan birining rahbari A.K. 2021-2022-yillar davomida majburiy badal toʼlovni amalga oshirish uchun aholidan undirilgan 154 mln soʼm mablagʼlarini bank hisobiga kirim qilmay, oʼz ehtiyojiga oʼzlashtirib yuborganligi aniqlandi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʼllanilgan. 

 Mazkur jinoiy xatti-harakatlar sohada nazorat tizimini yanada kuchaytirish zaruratini tugʼdirmoqda. Shu maʼnoda joylarda Qurilish va uy-joy kommunal xoʼjaligi vazirligi tomonidan ishchi guruhlar tuzilib, boshqaruv tashkilotlarining faoliyatini oʼrganish ishlari amalga oshirilayotganligini maʼlum qilamiz.

Shu oʼrinda aholimizga ham oʼzlari tayinlagan boshqaruv tashkiloti faoliyati, ayniqsa xalq ichida saylangan rahbar masʼuliyatiga eʼtibor berishlarini, noqonuniy holatlar kuzatilsa, Qurilish va uy-joy kommunal xoʼjaligi vazirligi ishonch telefon raqamiga murojaat qilishlarini soʼraymiz.