Aholiga qulaylik va sifatli xizmat ustuvor maqsadimizdir!
Mamlakatimizda uy-joylarni samarali boshqarish, turar joy massivlarida aholiga qulay va xavfsiz yashash muhitini yaratish masalalariga yildan-yilga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu yo‘nalishda tashkil etilgan boshqaruv servis kompaniyalari nafaqat uylarning umumiy qismlarini asrab-avaylash, balki obodonlashtirish va tozalikni ta’minlash orqali fuqarolarning kundalik hayotini yengillashtirishga xizmat qilmoqda.
Shu jumladan, Andijon viloyati Bobur shahri Yangi Andijon massivida joylashgan “Yangi Andijon obod servis” boshqaruv servis kompaniyasi 2024-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 1 ta MFY hududida joylashgan 64 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatmoqda.
Mazkur uylarning barchasi markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan bo‘lib, kompaniya aholining tinch va farovon hayot kechirishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlashga intilmoqda. Kompaniyaning o‘z xizmat ko‘rsatuvchi binosi mavjud bo‘lib, u orqali uylarning umumfoydalanishdagi qismlarini saqlash, obodonlashtirish va muntazam tozalash ishlari sifatli tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari 24 soat davomida uzluksiz faoliyat yurituvchi avariya-dispetcherlik xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Bu xizmat orqali favqulodda vaziyatlarda tezkor choralar ko‘riladi. Bugungi kunda kompaniya tarkibida 22 nafar malakali ishchi-xodim faoliyat olib bormoqda va 10 ta moddiy-texnika baza bilan ta’minlangan.
“Yangi Andijon obod servis” boshqaruv servis kompaniyasi aholiga qulaylik va sifatli xizmat ko‘rsatishni o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi. Yaratilayotgan imkoniyatlar, muntazam obodonlashtirish va tozalash ishlari hamda tun-u kun faoliyat yurituvchi xizmatlar orqali aholining kundalik hayoti yanada farovon bo‘lishiga erishilmoqda.