UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

Yangiliklar

Andijonda “Shaharsozlik faoliyatida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash” mavzusida mintaqaviy ko‘rgazma-seminar bo‘lib o‘tdi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Andijon viloyati hokimligi hamda “O‘zGASHKLITI” loyiha-qidiruv instituti hamkorligida tashkil etilgan seminar va ko‘rgazmaning asosiy maqsadi — tajriba almashish, ilg‘or texnologiyalarni targ‘ib etish hamda shaharsozlikda raqamli va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishga qaratilgan.

Muhokamalar davomida Andijon viloyatida shahar infratuzilmasini ekologik, muhandislik va fazoviy jihatdan rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, qurilish jarayonlarida geoaxborot tizimlari, raqamli kartografiya, monitoring va nazorat platformalarini qo‘llashning afzalliklari tahlil qilindi.

Ishtirokchilar muhandislik tadqiqotlarida uchuvchisiz uchish apparatlari va masofadan zondlash texnologiyalaridan foydalanish, qurilishda o‘lchash aniqligi va metrologik xizmatlar ahamiyatini oshirish, shuningdek, obyektlar sifatini nazorat qilishda yangi texnik yondashuvlarni qo‘llash zarurligini ta’kidladilar. Loyihalashtirish jarayonida BIM va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali loyiha-smeta hujjatlari va obyektlarning hayotiylik davrini boshqarish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Ko‘rgazma qismida shaharsozlik majmuasida qo‘llaniladigan zamonaviy texnologiyalar, asbob-uskunalar va materiallar namoyish etildi. Ekspozitsiyada energiya tejamkor materiallar, muhandislik-geodeziya yechimlari, qurilish texnikasi, LED yoritish, fasad panellari, izolyatsiya va suv o‘tkazmaydigan qoplamalar, beton va temir-beton buyumlar kabi mahsulotlar taqdim etildi.

Tadbir yakunida soha mutaxassislari raqamli vositalar, energiya tejamkor materiallar va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek, muhandislik va texnik nazorat sohalarida kadrlar salohiyatini oshirish zarurligini qayd etdilar.