Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish Respublika markazi direktori Marat Rinatovich Zagrutdinovning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha murojaati
Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi. Bugungi kunda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi. Buni so‘nggi yillarda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Davlatimiz rahbari jahon iqtisodiyoti shiddat bilan oʻzgarib borayotgan sharoitda hech bir sohani raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib boʻlmasligini bildirib, “Raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbar – korrupsiyani yoʻq qilishga intilmagan rahbar” deb taʼkidladilar.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish Respublika markazi tomonidan raqamlashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, hujjatlar almashinuvida inson omilining aralashuviga yoʻl qoʻymaslik, bunda elektron hujjat aylanishini taʼminlash maqsadida innovatsion texnologiyalarni joriy etgan holda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ishga tushirilgan.
Uning doirasida “Qurilish sifat nazorati”, “Loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi”, “Loyiha-smeta hujjatlari ekspertiza xulosalari”, “Investitsiya dasturidagi obyektlar qurilishi monitoringi”, “Qurilish sohasida davlat xizmatlari” va boshqa platformalar ishlab chiqildi. “Qurilish-pudrat va loyiha tashkilotlar reytingi”ning ishga tushirilgani faoliyat samaradorligi va shaffofligini yanada oshirmoqda.
Bundan tashqari markaz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida profilaktik tadbirlar, tushuntirish ishlari, suhbatlar hamda targʻibot tadbirlari amaga oshirib kelinmoqda.
Prezidentimiz “Korrupsiyaga qarshi butun jamoatchilik bilan kurashishimiz zarur” deb taʼkidlaganidek, markaz ham oʻz navbatida bevosita korrupsiyaga toqatsiz munosabatini shakllantirishda va unga qarshi kurashishda barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishga shaydir.
Shu o‘rinda, yurtdoshlarimizdan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish Respublika markazi xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlariga guvoh boʻlganda 1298 yoki 71-210-11-04 (ichki 1066) telefon raqami hamda @Qurilish_komplayens_bot telegram boti orqali murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz.