UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi

Yoshlar siyosati

Bunyodkorlik tinch o‘lkaga yarashadi!

Mamlakatimizning barcha jabhalarida beqiyos o‘zgarishlar ro‘y berayotganini bugun har bir aholi hayotida aks etayotgan ijobiy o‘zgarishlardan anglash mumkin. Qay sohaga boqmaylik, taraqqiyot va ildamlikka, islohotlarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Erishilayotgan yuksak marralar ozod va obod yurtimizning nufuzini yanada oshirayotgani ham rost. Bunyodkor xalqimiz o‘z rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlab, orzu-maqsadlariga yetmoqda. Buni yurtimizning barcha hududlarida qad rostlayotgan ko‘rkam binolar misolida ko‘rish mumkin. Qurilish sohasi fidoyi xodimlarining emin-erkin mehnati ortidan xalqimiz go‘zal maskanlarda tinch-osoyishta turmush kechiryapti.  

Ammo, dunyoning turli burchaklarida kuzatilayotgan noxush holatlar, yovuz kuchlar tomonidan sodir etilayotgan qo‘poruvchiliklar, mudhish jinoyatlar, xunrezliklar tinch aholi, katta-yu kichikning hayotiga zomin bo‘layotgan, shahar-u qishloqlar vayronaga aylanayotgan notinch davr ko‘nglimizni xira qilayotgani ham sir emas. 

...Urush! Noming o‘chsin jahonda! Hamon bitmas sen solgan alam...

Taniqli shoiramiz Zulfiyaxonim ushbu satrlarni bitganda qanchalar haq edi. Zero, urushda hech qachon g‘olib bo‘lmaydi. Ha, hech qachon kimningdir joni, kimningdir qoni evaziga g‘alabaga erishib bo‘lmaydi. Erishilsa-da u g‘alaba emas, mag‘lubiyat aslida. Unda ikki tomon ham mag‘lub, uning daxshati yillar davomida o‘sha xalq, o‘sha millat qalbida saqlanib qoladi.

Ayniqsa, insoniyatga urush keltirgan psixologik, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, maishiy zararlarni qoplash uchun bir necha o‘n yilliklar kamlik qiladi. Axir, osmoni tinch, musaffo bo‘lmagan yurtga baland binolaru, bog‘lar qanday yarashsin. 

Farzandlar - bizning duru javohirlarimiz. Ayniqsa, biz o‘zbek xalqi begona bolani ham o‘g‘lim-qizim, deb murojaat qiladigan tanti insonlarmiz. Biroq, Yaqin Sharqda kuzatilayotgan Falastin va Isroil mojarolari fonida aynan bolalardan manipulyativ vosita sifatida foydalanish, ularning jajji jussalariga azob berish vaxshiylikdan o‘zga narsa emas. Internet tarmoqlarini larzaga solayotgan bunday tasvirlar, albatta, bizning xavotirimizni kuchaytirishi tabiiy.

Davlatimiz rahbari ham bunday qonli to‘qnashuvlardan tashvishda ekanligini bildirib, tinchlik yo‘lida tegishli tashkilotlar rolini oshirish, butun dunyo hamjamiyati norasida bolalar, ayollarning hayotini saqlashga befarq bo‘lmasligini bildirib o‘tdi. Darhaqiqat, hozirgi zamonda o‘zaro kelishuv, diplomatiya yo‘li bilan har qanday muammoni hal qilish mumkin. Zero, qurolli to‘qnashuvlar ikki millatning begunoh xalqi hayotini barbod etayotganiga shunchaki qarab bo‘lmaydi. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyeyov ta’kidlaganidek, bu mojarolar tinchlik yo‘li bilan hal qilinmas ekan, Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq o‘lkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin. Aynan shuning uchun har ikki tomonni zudlik bilan gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga, jangovar harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinchlik yo‘li bilan hal etishga chaqirish bugungi dunyo siyosiy maydonidagi muhim vazifdir.

So‘nggi yillarda dunyo miqyosida kuzatilayotgan bunday holatlar bizni yanada ogoh va hushyor bo‘lib yashashga, o‘z uyimizni, ona Vatanimizni asrab avaylashga, shu shukuhli kunlarning qadriga yetishga chorlaydi. Shukrki, tinchlik-osoyishtalik, bunyodkorlik, ahillik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat hukm surgan, taraqqiyot yo‘lidan dadil borayotgan, oqilona va odilona siyosat yuritilayotgan, tenglar ichida tenglik darajasiga erishgan yurtda yashayapmiz. 

Sir emas, yoshlarimizga barcha imkoniyatlar eshigi keng ochiq. Zamonaviy o‘quv muassasalari, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barpo etilgan musiqa maktablariyu sport majmualari, turli to‘garaklar, bularga boqib ko‘zlarimiz quvonadi. Shaharlarimizni aytmaysizmi? Zamon talablariga to‘la javob bera oladigan muhtasham imoratlar, istirohat bog‘lari, sport maydonlari, madaniy hordiq chiqarish uchun san’at saroylari barpo etilgan. Fan va sport sohasida vatandoshlarimiz erishayotgan yutuqlar zamirida ham ona-yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona siyosat yotganini chuqur his etish mumkin.

Ne’matning qadri yo‘qotilganda bilinadi, deydilar. Mavjud tinchlik qadrlanmasa, muhofaza qilinmasa va fitna-yu fasodga eshik ochib berilsa, bu narsa hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilmasdan, vayron qilmasdan chiqib ketmaydi. Shunday ekan, tinchlik-eminlik ne’matining qadriga yetaylik.

Ha, bejiz ota-bobolarimiz tinchlikni qadriga yetish kerak, deb uqtirishmagan. Szi-u bizning ko‘zimizni quvnatayotgan bu muhtasham binolar, bunyodkorlikning yorqin namunalari osmoni tinch mamlakatga yarashadi. Taraqqiyot ham tobora hayotimizni yanada go‘zallashtirishga xizmat qiladi.