Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi
Bugun telegram messenjerida e'lon qilingan murojaatga javoban quyidagilarni bildiramiz:
Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan Buxoro shahri Xo‘ja Orif Mohitobon ko‘chasi hududida monitoring ishlari olib borish jarayonida Davlat xizmatlari markazi orqali “Qurilish-montaj ishlari boshlash to‘g‘risi”da xabarnoma jo‘natmasdan qurilish-montaj ishlari boshlangan obyekt aniqlangan.
Ushbu qurilish obyekti Buxoro shahar hokimining 2014-yil 4-dekabrdagi tegishli qaroriga asosan shaharning Xo‘ja Orif Mohitobon ko‘chasi 1-uyda joylashgan “Shohijahon Teks Plyus” MChJga tegishli bo‘lgan 5376,44 metr kvadrat yer maydonidagi Kompressor binosini Tayyorlov o‘quv markazi, o‘quvchilar yotoqxonasi, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari sifatida qayta qurish uchun ruxsat berilgan.
Shuningdek, “Shohijahon Teks Plyus” MChJning nomi keyinroq ushbu korxonaning buyrug‘iga asosan “Centillion Invest Group” MChJga o‘zgartirilgan.
“Centillion Invest Group” MChJ tomonidan Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining 2023-yil 20-iyul kuni va 2023-yil 28-avgustdagi “Qurilishni to‘xtatish to‘g‘risida”gi yozma ko‘rsatmasini bajarmasdan, shaharsozlik qonunosti hujjatlarini to‘liq rasmiylashtirmasdan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirganligi bois O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 99-moddasi 7-bandiga asosan fuqaro Sh.Sharipovga nisbatan ma’muriy jazo chorasi ko‘rilgan.
Shu bilan birga “Centillion Invest Group”MChJning nomi mazkur korxonaning buyrug‘i bilan 2022-yil 7-noyabrda “Orifxo‘ja Story” MChJ nomiga o‘zgartirilgan hamda Davlat xizmatlari markazi tomonidan 2022-yil 7-noyabrda 2008622-sonli reyestr raqami bilan qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Bugugi kunda ushbu qurilish obyektining 3-qavatida g‘isht terish ishlari olib borilayotganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2017-yil 5-iyuldagi “Aholi punktlarini qurishda shaharsozlik va yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, jumladan, tadbirkorlik maqsadlari uchun yer ajratish tartibini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi 467-sonli qaroriga muvofiq hududiy inspeksiya tomonidan 2023-yil 29-avgustda Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudiga davo arizasi kiritilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 212-moddasi 3-qismi talablari bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan qurilgan obyektni bartaraf etish (buzib tashlash) to‘g‘risida sudga da’vo ariza kiritishni so‘rab, Buxoro shahar hokimligiga ham hududiy inspeksiya tomonidan 2023-yil 17-iyulda xat yuborilganligini ma'lum qilamiz.