Chimboy tumanidagi maktab qurilishida kamchiliklar aniqlandi va bartaraf etish ishlari boshlandi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari T.Alimatov boshchiligidagi ishchi guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi xizmat safari doirasida Chimboy tumanida barpo etilayotgan 24-sonli umumta’lim maktabi binosida olib borilayotgan qurilish jarayonlarini o‘rgandi.
Obyektni ko‘zdan kechirish chog‘ida bir qator kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, pardozlash ishlari sifatsiz bajarilgani, devorlar orasida tirqishlar qolib ketgani, ba’zi joylarda relim (pol to’shamasi) choklarining to‘g‘ri tikilmagani, shuningdek, hojatxonalar holati talab darajasida emasligi qayd etildi.
Vazir o‘rinbosari tomonidan mazkur kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish, ayniqsa, ichki pardozlash sifati va sanitariya-gigiyena xonalarining yakuniy holatini me’yorlarga to‘liq moslashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, qurilish jarayonini kechiktirish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, sifat nazoratini kuchaytirish va texnik nazorat muhandislarining mas’uliyatini oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
T.Alimatovning so‘zlariga ko‘ra har bir ta’lim muassasasi namunaviy loyiha sifatida barpo etilishi, o‘quvchilar uchun qulay va xavfsiz muhitni ta’minlash qurilish tashkilotlarining asosiy mezoni bo‘lishi kerak. Shu bois 24-maktabdagi kamchiliklar yuzasidan mas’ul pudratchilarga qat’iy ogohlantirish berildi va ularni bartaraf etish muddatlari nazoratga olindi.