Chirchiq shahri “Iftixor” MFY hududida bunyod etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massividagi uylarda yuzaga kelgan holatni oʻrganish va yechim topish maqsadida ishchi guruhi tashkil etilgan
Chirchiq shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida pudratchi “Yangi zamon bino” MCHJ tomonidan qurib foydalanishga topshirilgan hajmiy temirbeton panel konstruksiyali turar-joy binolarining bugungi kundagi texnik holati ishchi guruh tomonidan oʻrganildi.
Geologik izlanishlar xulosasiga koʻra, ushbu binoda “Choʻkuvchan va oʻta choʻkuvchan gruntli hududlarda quriladigan bino va inshootlar" toʻgʻrisidagi shaharsozlik norma va qoidalarining 9-bandi talablariga muvofiq qurilish ishlari bajarilgan. Biroq 2022-yil bahor-kuz mavsumidagi yogʻingarchiliklar tufayli koʻp miqdordagi yomgʻir suvlari irrigatsiya tizimlarisiz muntazam ravishda bino poydevoriga sizib kirgan va bino atrofiga yigʻilib qolgan. Natijada bino ostining asos qismi suvga toʻyinib, binoning vertikal seysmik choklari loyihaviy holatidan koʻchgan.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur holatni bartaraf etish boʻyicha “Qishloqqurilishloyiha” instituti tomonidan 2023-yil 14-fevralda “Yangi zamon bino” MCHJ bosh direktoriga bino ostiga suv ketishini oldini olish boʻyicha yozma koʻrsatma berilgan va geodeziya hamda muhandislik izlanishlari olib borilgan. Uylar poydevori asosining choʻkishi va uning namlanishini oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar loyihasi ishlab chiqilgan va bajarish uchun topshirilgan boʻlsada, pudratchi tomonidan hech qanday chora koʻrilmagan.
Mazkur uylar dinamikasining salbiy tomonga oʻzgarganligi sababli quruvchi tashkilot yuzaga kelgan masalalarni bartaraf qilish boʻyicha loyiha yechimlari va chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishni soʻrab “Qishloqqurilishloyiha” tashkilotiga murojaat qilgan va institut tomonidan tegishli loyihaviy yechimlar ishlab chiqilgan.
Taqdim etilgan loyihaviy yechimlarga asosan pudratchi tomonidan zudlik bilan quyidagi ishlar amalga oshirilishi kerak:
SHNQ 2.02.01-98 ning “Bino va inshootlar asoslari” meʼyorining 2.68, 2.69 va 3.13 bandlari talablariga asosan har 300 mm da qatlam-qatlam gruntning mustahkamligi 1.65t/m3 ga yetgunga qadar shibbalab qayta koʻmish ishlarini bajarish, SHNQ 2.01.09-97 ning “Choʻkuvchan va oʻta choʻkuvchan gruntli hududlarda quriladigan bino va inshootlar” 9-bandi talablariga muvofiq bino perimetri boʻylab eni 2 000mm va tarkibida nometall armaturasi boʻlgan, qalinligi 100 mm beton yoʻlak (otmostka) ishlarini bajarish talab etiladi.
Mahalliy hokimiyat vakillari esa hududda bajarilgan obodonlashtirish va irrigatsiya tizimlariga oid ishlarni hudud bosh rejasiga asosan qayta koʻrib chiqishi va yogʻingarchilik boshlanishidan oldin bajarishi lozim.
Mazkur binolar qurilishiga masʼullar hamda soha ekspertlari ishtirokida oʻtgan yigʻilishda mavjud holatni bartaraf etish yuzasidan qoʻshimcha takliflar bildirildi. Ular orasida eng maqbullari saralanib, oʻn kun muddatda amaliy choralarni koʻrish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.