Farg‘ona viloyatida “Shaharsozlik faoliyatida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash” mavzusida mintaqaviy ko‘rgazma-seminar o‘tkazildi
Bugun Farg‘ona viloyatida “Shaharsozlik faoliyatida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash” mavzusida mintaqaviy ko‘rgazma-seminar o‘tkazildi. Tadbir Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi, Farg'ona Davlat Texnika universiteti hamda “O‘zGASHKLITI” loyiha-qidiruv instituti hamkorligida tashkil etilib, soha mutaxassislari va loyiha tashkilotlarini bir maydonga jamladi.
Seminar davomida shaharsozlik faoliyatini geoaxborot bilan ta'minlash, shahar infratuzilmasini ekologik va muhandislik jihatdan rivojlantirish, loyiha smeta hujjatlarini ishlab chiqishda zamonaviy BIM hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Qurilish obyektlarida geodezik va geologik ishlarni bajarishda innovatsion texnologiyalarni qo'llash, sifat nazoratini kuchaytirish, raqamli monitoring tizimlari va texnik tekshiruvlarni takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.
Ko‘rgazmada energiya tejamkor materiallar, muhandislik-geodeziya yechimlari, zamonaviy qurilish texnikalari, fasad va izolyatsiya tizimlari, yoritish hamda iqlim nazorati uskunalari namoyish etildi. Ushbu ishlanmalar texnologik samaradorligi va barqaror shaharsozlik tamoyillariga mosligi bilan ajralib turadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday mintaqaviy uchrashuvlar sohada tajriba almashish, raqamli yechimlarni joriy etish va malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilishini ta’kidlab, kelgusida ham hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.