Fargʻona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi (MUNOSABAT)
Youtube platformasida e'lon qilingan Fargʻona shahar "Mashʼal" MFY Farobiy koʻchasida joylashgan fuqaro A.Abdulahadov buyurtmasiga asosan “Prom eko stroy” MCHJ tomonidan qurilayotgan 12 qavatli turar-joy qurilish obyektida olingan videomurojaatdagi holat Fargʻona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan joyiga chiqib oʻrganilganda quyidagilar maʼlum boʻldi:
Mazkur obyekt 2022-yil 27-dekabrda inspeksiyadan roʻyxatdan oʻtgan.
Fuqarolarning turar-joy binosi qurilishidan norozi boʻlib yozgan ilk murojaati inspeksiya mutaxassislar tomonidan joyiga chiqib oʻrganilgan. Oʻrganish natijasida fuqaroga javob xati yuborilgan. Bundan tashqari Fargʻona shahar Maʼmuriy sudining 2023-yil 6-iyundagi qarorida A.Erkaboyev va boshqalarni obyektga nisbatan yozgan arizasi rad etilgan.
Fuqaro A.Erkaboyev va boshqalarning Fargʻona shahar maʼmuriy sudining 2023-yil 6-iyundagi qaroriga nisbatan Fargʻona viloyati maʼmuriy sudiga yuborilgan appelyatsiya shikoyati asosida maʼmuriy ish hujjatlari yana qayta koʻrib chiqilgan va 2023-yil 25-iyulda appelyatsiya instansiyaning qarorida dastlabki sud qarori oʻz kuchida qoldirilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 19-sentabrdagi qarorida Fargʻona shahar maʼmuriy sudining 2023-yil 6-iyundagi qarori va 2023-yil 25-iyuldagi appelyatsiya instansiyaning qarori oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirilsin deb belgilangan.
Bugungi kunda ushbu obyektda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda. Inspeksiya tomonidan belgilangan tartibda nazorat ishlari olib borilmoqda.