UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi

Yangiliklar

Kommunal xizmat: Qish eshik qoqmoqda... Hozirlik qanday?

Tahlillardan koʻrinishicha, Buxoro viloyatida bugunga kelib koʻp qavatli uy-joy soni 2 ming 100 taga yetkazilgani holda mazkur turar joylarga yangicha tartib-taomil asosida 28 ta Boshqaruv servis kompaniyasi hamda 8 ta xususiy uy-joy mulkdorlari tomonidan texnik xizmat koʻrsatilmoqda. Joriy qishki mavsum oldidan mamlakat Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi “Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi tizimidagi shahar va tuman boʻlimlari mutasaddilari nazorati ostida joylarda energiya resurslarini samaradorligini ta'minlash maqsadida koʻp kvartirali uylarning tom va boshqa qismlarini taʼmirlash va hududlarini obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.

Ayniqsa, 2023-2024-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida taʼmirlash, kommunikatsiya, elektr va issiqlik taʼminoti tarmoqlarini tartibga keltirish, hududlarni obodonlashtirish ishlari boʻyicha ham aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatiga eʼtibor qaratilgan. Qish mavsumida viloyatdagi “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi va “Buxoroenergomarkaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Buxoro va Kogon shaharlaridagi jami 717 ta (Buxoro shahrida 662 ta, Kogon shahrida 55 ta) koʻp xonadonli uy–joy hamda 142 ta ijtimoiy soha obyekti markazlashgan issiqlik energiyasi bilan taʼminlanadi. Qolgan 1 ming 374 ta koʻp qavatli uy–joy esa lokal va individual tarzda issiqlik manbalari bilan qamrab olinadi.  

Tizimda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan avariya holatlarini bartaraf etish maqsadida viloyatdagi mavjud boshqaruv kompaniyalari va uy joy mulkdorlari shirkatilarida, 2 ta issilik taʼminoti korxonasi hamda Qurilish va uy joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasida 24 soat ishlaydigan dispetcherlik xizmatlari tashkil qilingani holda bu ishlarga sohadagi 400 dan ziyod ishchi–xodim jalb qilingan.

“Buxoroenergomarkaz" aksiyadorlik jamiyati bugunga kelib 202 ta koʻp kvartirali uy-joy yoki jami 11 ming 372 ta xonadonda istiqomat qiluvchi salkam 30 ming nafar aholi, shuningdek, 32 ta ijtimoiy soha inshootiga issiqlik energiyasi va issiq suv yetkazib beradi. Hissadorlik jamiyatida 2023-2024-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida viloyat markazidagi 4- va 6-kichik mavzelardan oʻtuvchi issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlari davom ettirilmoqda. Ayni paytda qurilish-montaj ishlari yakunlanayotgan hududlarda yerosti issiqlik tarmogʻi quvurlarini koʻmish va ustini asfaltlashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, tarmoq xizmatini yaxshilash maqsadida shu kungacha qariyb 5 kilometr issiqlik tarmogʻi quvuri, 5 ming metr quvurning issiqliq qoplamasi yangilangani, zamonaviy energiyatejamkor nasoslar oʻrnatilishi hisobidan 30 foizgacha elektr energiyasi sarfini kamaytirishga erishilmoqda. Natijada 200 tadan ziyod koʻp qavatli uyning 11 ming 237 ta xonadoniga, 30 dan ortiq ijtimoiy soha obyekti va boshqa  turdagi isteʼmolchilarga uzluksiz va kafolatlangan issiqlik energiyasi yetkazib berish imkoniyati yaratilmoqda.
— Birgina davlat unitar korxonamiz tomonidan bugunga kelib Buxoro shahrida 462 ta va Kogon shahrida 55 ta koʻp qavatli uyga, shuningdek, 24 ta umumtaʼlim maktabi, 26 ta maktabgacha taʼlim muassasasi va jami 101 ta boshqa turdagi isteʼmolchiga xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Buning uchun viloyat markazidagi 29 ta va temiryoʻlchilar shahridagi 5 ta qozonxona imkoniyatlaridan unumli foydalanilmoqda. Ayni paytda ulardagi qozonlar soni 134 tani tashkil etmoqda, — deydi viloyat “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi direktori Bahodir Rahimov. — Albatta, “qish tashvishini yozda koʻr” degan aqidaga amal qilgan holda mavjud barcha qozonxonalarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, joriy taʼmirlash-tiklash ishlari allaqachon boshlangan. — Bugunga kelib korxona balansida 112,6 kilometr uzunlikdagi, turli diametr oʻlchamdagi issiqlik tarmogʻi mavjud boʻlsa, shundan Buxoro shahridagi issiqlik liniyasi 97 kilometrga yetgan.

Tarmoq faoliyatini yanada yaxshilashda investitsiya dasturi asosida roʻyobga chiqarilayotgan loyihalarning ahamiyati katta, albatta. Shu kunlarda tarmoqda buyurtmachi — respublika Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, “Koʻp xonadonli uylarni va issiqlik taʼminoti obyektlarini qurish boʻyicha injinering kompaniyasi” DUK tomonidan 2023-yilda Buxoro va Kogon shaharlaridagi “Qarshi darvoza”, “Suvchilar” va “Shahar tugʻruqxonasi” lokal qozonxonlarini hamda Kogon shahridagi “RK-3” markazlashgan qozonxonasini yangidan modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihalari ishlab chiqilgan. Shunga koʻra, hozirda “Qarshi darvoza” lokal qozonxonasida pudratchi “Gʻijduvon zamona qurilish”, “Suvchilar” lokal qozonxonasida pudratchi “Fast Bulding qurilish”,  “Shahar tugʻruqxonasi” lokal qozonxonasida pudratchi “Shofirkon Joʻynav qurilish”, shuningdek, Kogon shahridagi “RK-3” markazlashgan qozonxonasida pudratchi “Kogon Neftgazenergoservis” MCHJ lari tomonidan umumiy belgilangan ishning 40 foizidan oshigʻi uddalanganini koʻrish mumkin. 

Shu bilan birga, hozirda Buxoro shahridagi jami 6 dona suv isitish qozonidan 5 tasida mukammal taʼmirlash ishlari olib borilgani holda “D-63” va “D-325” millimetrli tarmoqlar oralab jami 4,6 kilometr uzunlikdagi issiqlik liniyasi mukammal taʼmirlanayotgan boʻlib, ayni paytda tarmoqning 3,5 kilometr qismidagi taʼmirlash ishlari yakunlangan. 

Bundan tashqari Buxoro shahrida faoliyat koʻrsatayotgan “Zarafshon” Boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan 2023-2024-yillar kuz-qish mavsumiga tayorgarlik jarayonida koʻp kvartirali uylarning yertoʻla qismidagi tik va yotiq issiqlik quvurlari, elevator uskunalarini nazoratdan oʻtkazish va taʼmirlash ishlari jadal amalga oshirilmoqda. Umuman, Boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan koʻp kvartirali uylarning issiqlik taʼminoti tizimida yaroqlilik muddatini oʻtab boʻlgan elevatorlar, tik va yotiq quvurlarini yangilanayotgani faoliyat samaradorligiga xizmat qiladi. 

Jumladan, “Uy-joy qurilish” boshqaruv servis kompaniyasi ishchi-xodimlari tomonidan A. Jomiy koʻchasidagi 21/2, 18/3, 12, 12/1 va Piridastgir koʻchasida joylashgan 12/3 hamda 13/5-son koʻp kvartirali uylarning yertoʻlalaridagi elevatorlar koʻzdan kechirilib, mukammal taʼmirlash ishlari bajarilgan. Xuddi shunday, viloyat markazini Qayum Murtazoyev koʻchasidan oʻtuvchi issiqlik tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, yaroqlilik muddatini oʻtab boʻlgan “D-273” hamda “D-219” millimetrli quvurning 500 metr qismi yangisiga almashtirilmoqda. Bu esa xonadonlarni qish mavsumida issiq suv va issiqlik energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash imkonini beradi. 

Xulosa qilib aytganda, kuz va sovuq qishni koʻp qavatli uylarda yashovchi aholi risoladagidek va ortiqcha tashvishlarsiz oʻtkazishini taʼminlash maqsadida viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi  boshqarmasi va uning tizimidagi taʼminot, xizmat koʻrsatish korxonalari tomonidan bor kuch va imkoniyat safarbar qilinmoqda.