Koʻp qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari davom etmoqda
Namangan viloyati Davlatobod tumanida 452 ta koʻp qavatli uylar mavjud. Ularda istiqomat qilayotgan aholiga xizmat koʻrsatish uchun 10 ta Boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Xususan, “Yangi tong” mahallasi hududidagi ko'p qavatli uylarni qish mavsumiga tayyorlash, aholini qiynayotgan mavjud muammolarni bartaraf etish borasida amaliy ishlar davom etmoqda. Uylarning tom qismi hamda kommunikatsiya tarmoqlarini taʼmirlash, kirish yoʻlaklari va koʻp qavatli uy atrofini zamonaviy holga keltirish kabi rejadagi bunyodkorliklar amalga oshirilmoqda.
Tumanning 2-sektor hududida joylashgan “Toʻquvchi” mahallasidagi uylarning ham tom qismini taʼmirlash ishlari davom etmoqda. Shuningdek, aholi vakillari bilan doimiy aloqa oʻrnatilib, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida amaliy ishlar tashkil etib kelinmoqda.