Mazkur ishlarning borishi bilan tanishish maqsadida Prezident maslahatchisi G'ofurjon Mirzayev Bekobod tumanida bo'ldi
Xabar berganimizdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari Ozoda Jo'rayeva boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi uylarni texnik holatini yaxshilash, aholining kommunal sohaga oid muammolariga kompleks yechim berish, atrof-hududlarni obodonlashtirish yuzasidan salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Xususan, Bekobod tumani "Guliston", "Istiqlol" mahallalarida joylashgan 29 ta uyning fasad, tom, yerto'la va kirish yo'laklarida homiylik mablag'lari hisobidan mukammal ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda 21 ta ko'p qavatli uyda ta'mirlash va tom yopish ishlari to'liq yakuniga yetkazildi. Qolgan 8 ta uyda jarayon davom etmoqda.
Shuningdek, mahallalarda mavjud 51 ta ko'p qavatli uyning atrofi obodonlashtirildi. Mavjud noqonuniy qurilmalar, o'zboshimchalik bilan o'rab olingan hududlar tartibga keltirildi.
Mazkur ishlarning borishi bilan tanishish maqsadida Prezident maslahatchisi G'ofurjon Mirzayev Bekobod tumanida bo'ldi. Hududda amalga oshiriladigan ishlar yo'l xaritasi bilan tanishib, jarayonlarni bevosita ko'zdan kechirdi.
Ish samaradorligini oshirish va aholi muammolari bilan ishlash mexanizmini yaxshilash bo'yicha qator topshiriqlar belgilandi.