MDH davlatlari delegatsiyasi “Yangi Toshkent” loyihasi bilan tanishdi
Bugun MDHga a’zo mamlakatlar qurilish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo Kengashning 46-yig‘ilishida ishtirok etayotgan delegatsiya a’zolari “Yangi Toshkent” loyihasi bilan tanishdilar.
Mehmonlarni vazir o‘rinbosari Davronjon Adilov kutib oldi. Loyihaning maqsad va vazifalari, uning amalga oshirilishida qo‘llanilayotgan zamonaviy yechimlar hamda “Yangi Toshkent”ning mamlakat shaharsozlik siyosatidagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumot berildi.
O‘zbekiston poytaxtining yangi ma’muriy markazini barpo etishdagi zamonaviy arxitektura yechimlari, barqaror shaharsozlik tamoyillari hamda raqamlashtirilgan boshqaruv tizimlari yig'ilganlarda o'zgacha taassurot uyg'otdi. Delegatsiya vakillari loyihaning ko‘lami, uning amalga oshirilishidagi kompleks yondashuv hamda shahar muhitini inson uchun qulay shaklda yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yuqori baholadilar. Ular mamlakatimizda qurilish va shaharsozlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni mintaqaviy hamda xalqaro miqyosda ilg‘or tajriba sifatida e’tirof etdilar.
Qurilish jarayonlarida innovatsion yondashuvlar, ekologik barqarorlik, energiya tejamkor texnologiyalar va BIM modellashtirish tizimlaridan foydalanilayotgani alohida ta’kidlandi.
Yangi Toshkent bu nafaqat yangi ma’muriy markaz, balki zamonaviy texnologiyalar, innovatsiya va ekologik barqarorlik uyg‘unlashgan kelajak shahridir.
Delegatsiya a’zolari tashrif davomida qurilish maydonida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, loyiha konsepsiyasi haqidagi taqdimot bilan tanishdilar.



