MDH mamlakatlari qurilish sohasida hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida mintaqaviy hamkorlikning muhim markaziga aylanmoqda.
Toshkent shahrida MDH davlatlari o‘rtasidagi hukumatlararo Kengashning 46-yig‘ilishi o’z ishini boshladi. Mazkur yigʻilishda Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Ozarbayjon Respublikalarining vakolatli qurilish organlari rahbarlari hamda MDH Ijroiya qoʻmitasi vakillari ishtirok etmoqda.
Ushbu anjuman mamlakatlar o‘rtasida barqaror qurilish siyosatini shakllantirish, tajriba almashish va yangi texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Bugun MDH mamlakatlari qurilish sohasida hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo Kengash yig‘ilishiga O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov raislik qildi.
Sherzod Hidoyatov yig‘ilish ishtirokchilarini samimiy tabriklab, anjuman ishiga omad tiladi:
“Aziz hamkasblar, bugungi yig‘ilishimiz faqat MDH hududida emas, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida konstruktiv hamkorlik platformasini kengaytirish imkoniyatidir. Birgalikda standartlarimizni uyg‘unlashtirib, tajriba almashib, zamonaviy qurilish jarayonlarini tashkil etishda ulkan qadam tashlaymiz, degan umiddaman,”— dedi vazir.
Hukumatlararo Kengash 1994-yil 9-sentabrda tuzilgan bitim asosida faoliyat yuritadi. O‘zbekiston ushbu bitimning dastlabki imzolovchilaridan biri bo‘lib, yillar davomida Kengash doirasida faol ishtiroki bilan o‘zining mas’ul hamkor sifatidagi o‘rnini mustahkamlab kelmoqda.
Kengashning asosiy vazifasi qurilish tarmog‘ida umumiy siyosatni ishlab chiqish, sohalararo hamkorlikni kengaytirish va davlatlar o‘rtasidagi normativ-huquqiy hujjatlar uyg‘unligini ta’minlashdir.
2020-yilda O‘zbekiston 40-yig‘ilishga mezbonlik qilgan bo‘lib, u ilk bor onlayn formatda o‘tkazilgan edi. Ushbu tadbir natijasida 2021-yilda MDHda “Arxitektura va shaharsozlik yili” doirasida qator xalqaro tashabbuslar amalga oshirilgan. Xususan, mamlakatimizda joriy etilgan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi keng e’tirof etilgan edi.

Bu mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan qurilish siyosatining ochiqligi, raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv tizimlariga o‘tishdagi muvaffaqiyatli loyihalar bilan izohlanadi.
Tadbir doirasida mamlakatimiz qurilish sohasidagi keng koʻlamli islohotlar, xususan, raqamlashtirish siyosati, innovatsion malaka oshirish va sertifikatlash tizimi, ochiqlik va shaffoflik yuzasidan olib borilayotgan ishlar boʻyicha mutaxassislar tomonidan taqdimotlar oʻtkazilmoqda.


